Qo‘limizda hujjat bor! Qodirovaning o‘limi ortidagi sirlar ochilyapti
Tahlil
−
05 noyabr 2019
65130Xabaringiz bor, joriy yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirova Turkiyada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida halok bo‘lgan edi.
QALAMPIR.UZ’ning qo‘liga Nodira Qodirovaning vafoti bilan bog‘liq eksklyuziv ma’lumotlar kelib tushdi.
Deputat Shirin Unal o‘z bayonotida o‘limidan bir necha oy avval Nodira Qodirovada ruhiy o‘zgarishlar kuzatilgani, shu bois uyga boshqa o‘zbek xizmatchi olingani haqida gapirgan edi. QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘licha, Nodira Qodirova vafot etgan xonadonda ishlagan ikkinchi xizmatchi 1995 yilning 20 martida tavallud topgan o‘zbekistonlik Hilola Mahmudjon qizi O‘narboyeva bo‘lgan.
Ma’lumki, Nodira Qodirova vafot etgan kechada politsiya qoidaga ko‘ra, uyga kelib, xonadon egalari va uydagi xizmatchilarni so‘roqqa tutgan. Bular orasida Hilola O‘rinboyeva ham bo‘lgan. U bilan suhbat jarayonida politsiya Hilolaning Turkiyada bo‘lib turishi uchun belgilangan vizasiz rejim muddati tugaganini payqamagan. OAVning qayd etishicha, payqagan bo‘lsa ham Shirin Unalning bosimi ostida bu qonunbuzarlik ekani va qonun peshvosi – Shirin Unalning uyida huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yilayotganini ko‘z yumilgan.
Holbuki, vafot etgan 23 yashar Nodira Qodirovaning ham mamlakatda vizasiz bo‘lishi muddati tugaganiga ancha bo‘lgan. Biroq, uning o‘limiga oid hujjatlar, hech bir tergov materiallarida Qodirova va O‘narboyevaning vizasiz Turkiyada bo‘lib turgani qayd etilmagan. Qolaversa, ikkisining ham ishlash huquqini beruvchi hujjati (Çalışma izni) yoki yashash huquqini beruvchi hujjati (İkamet izni) bo‘lmagan. Bu hech shubhasiz qonun buzilishi bo‘lib, bunda ishchi ham, uni uyida ishlatgan uy egasi ham 18 000 ming turk lirasi yoki 3128 AQSH dollari (05.11.2019dagi kurs bo‘yicha) jarima to‘lashi kerak. Shunda ham jarima bilan ish yopdi-yopdi bo‘lmaydi, aksincha, hujjatsiz ishlaganlar mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
Hilola O‘narboyevaga kelganda bu qonunlar ishlamagani ko‘riladi. Biroq, Qodirova vafot etib, yarim tunda politsiyaning surishtiruvlari tugagach, 24 sentyabr kuni Hilola O‘narboyeva bilan bog‘liq shubhali hodisa ro‘y beradi. Gap shundaki, shu kuni Anqara ko‘chalarida ketayotgan Hilola O‘narboyeva shubhali xatti-harakatlari sabab politsiya xodimlari tomonidan to‘xtatiladi. Avvaliga tintuv o‘tkaziladi, so‘ng pasporti olinadi. Kompyuter orqali unga oid ma’lumotlar tekshirilganda, mamlakatda vizasiz bo‘lish muddati ancha o‘tib ketgani, noqonuniy ravishda yashab kelayotgani aniqlanadi. Hujjatlar rasmiylashtiriladi. Oradan uch kun o‘tib, Hilola O‘narboyeva nomiga “mamlakatni tark etishga da’vat qarori” beriladi. Unda esa tark etish muddati 16 kun ekani ma’lum qilinadi. Bu holatda na O‘narboyevaga va na uni noqonuniy ravishda uyida saqlagan deputat Shirin Unalga jarima tayinlanadi.
Oradan 16 kun o‘tgandan keyin ham Hilola O‘narboyeva mamlakatni tark etmaydi. Aksincha, u deputat Shirin Unalning uyida yashashda davom etadi. Bu orada esa uni noqonuniy ravishda yashashiga va ishlashiga ruxsat bergani uchun Shirin Unalga nisbatan hujjat rasmiylashtirilganmi yo yo‘q, bunisi noma’lum. Shunisi aniqki, Turkiyadagi qonunlarga ko‘ra, parlament a’zolari deputatlik muddati tugaguniga qadar daxlsiz.
Yana shuni ham alohida qayd etish kerakki, Hilola O‘narboyevaga berilgan “mamlakatni tark etishga da’vat qarori”da uning qaysi moddaga asosan deport qilinayotgani ko‘rsatilmagan. Turkiyadagi qonunlarda esa bu juda muhim. Boisi deportlar turlicha. Qaysi qonun buzilishiga qarab, qonunbuzar yo jarima bilan qutiladi, yo 1 yil, yo 3-4-5, boring ana 7 yilgacha Turkiyaga kirish huquqidan mahrum etiladi. Hilola O‘narboyevaga berilgan qarorda esa moddalar keltirilmagan.
Hujjatlashtirishning shubha ostida ekani, Hilola O‘narboyevaning vizasiz yashab kelayotganini uy eshigiga, jinoyat holati sabab kelgan politsiya emas, balki ko‘chadagi mirshabning payqashi, deport qarori chiqarilgandan 16 kun o‘tib ham, u hamon deputatning uyida yashab kelayotgani “Shirin Unal istasa Hilolani mamlakatdan quvib chiqaradi, istasa olib qoladi”, qabilidagi gaplarni keltirib chiqardi.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Nodira Qodirovaning vafoti yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Xonadon egasi Shirin Unal Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilganini ta’kidlamoqda. Qodirovaning akasi esa singlisi jinoyat qurboni bo‘lgani, unga ikki joyidan o‘q uzilgani, qolaversa, do‘pposlanganini aytmoqda.
“Dafn marosimidan avval singlimni yuvintirdilar. O‘sha vaqt ko‘rganlarimga ishongim kelmayapti. Menga faqat o‘z joniga qasd qildi, tanasida bir dona o‘q izi bor deyishgandi. Ammo ular ikkita. Chap ko‘kragining ustida bir o‘q izi bor. Bel qismining orqasi, buyrak sohasiga ham o‘q uzilgan. Umumiy hisobda ikki marta o‘q uzilgan. O‘q otilgan qismlarni esa tikishgan.
Temir yoki to‘pponchaning orqa tarafi bilan urishganmi, bilmadim, ammo singlimning bo‘yin sohasi ensa qismida ham zarba izlari bor edi.
Singlimning chap ko‘zi, qolaversa, tanasining boshqa qismlari ham ko‘kargandi. Ya’ni singlimni vahshiylarcha do‘pposlashgan. Singlimning jasadini ko‘rgan ayollarning aytishicha, uning tanasini bo‘g‘zidan to pastgacha vahshiylarcha yirtishgan. Barcha ichki a’zolarini olib tashlashgan. Singlimning ichi bo‘m bo‘sh edi”, deydi Nodira Qodirovaning akasi Muhammadali Qodirov.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu esa bu holat na “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va na deputat Shirin Unalning bosimi ostida o‘rganilmasligi, ishni shaxsiy nazoratiga olganini aytgan edi.
LiveBarchasi