Kampirning dardi g‘o‘zada... Qodirovaning o‘limi siyosiy partiyalarga qo‘l kelyapti
Olam
−
29 Oktabr 2019
27491Xabaringiz bor, joriy yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirova Turkiyada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida halok bo‘lgan edi. Nodira Qodirova o‘ldirilganmi yoki o‘z joniga qasd qilganmi, bu haligacha mavhum bo‘lib qolmoqda. Ikki hafta davomida ijtimoiy tarmoqlar, jamoatchilikni larzaga keltirgan ushbu voqea ortidagi munozaralar biroz tin oldi.
Shirin Unalning uyida ro‘y bergan voqea, Turkiyadagi partiyalarning siyosiy maqsadlarini amalga oshirish va bir-biriga bor nafratini turli yo‘llar bilan ko‘rsatishda qo‘l kelmoqda. Kimdir yuqori minbarlardan turib bu masalani o‘rtaga tashlasa, yana boshqasi Qodirova ishini o‘rganishda prokuratura “Adolat va taraqqiyot” partiyasi bosimi ostida ish yuritayotganini aytmoqda. Boshqasi esa jamoatchilikning kuchidan foydalanib, aksiya o‘tkazish payida. Bu orada Nodira Qodirova uchun adolat so‘rab ijtimoiy tarmoqlarda fleshmob ham e’lon qilindi. Ammo ularning tagi zamirida o‘zbek qizining o‘limi haqiqatlarini ochiqlashga bo‘lgan intilish emas, bu voqelik ortidan mavqeini oshirish, narigi partiya va hukmron siyosatchilarga qarshi nafratini ifodalash, vaziyatdan unumli foydalanib qolish yotgandek.
Kuni kecha havaskor xonanda Umid Yaman Nodira Qodirovaning vafotiga bag‘ishlab kuylagan qo‘shig‘ini YouTube’dagi sahifasiga joylashtirdi. Qo‘shiqda shunday so‘zlar bor:
O‘q uzildi, yerda yotibdi,
Qonlar ichida qoldi.
Mazxarabozlar sulton bo‘lib,
Adolatni sotib oldi.
Anqara sukut qildi,
Vijdonlar sukut qildi.
Ko‘chalar sukut qildi,
Adolat sotildi.
Uxladingmi, Nodira?
Otildingmi, Nodira?
Bir gul kabi bahoringda,
So‘lidingmi, Nodira?
Umidlaring qoldi,
Qalbingda qoldi ular.
Qani tur, uyg‘on endi,
Onang seni chaqiryapti.
Ma’lum bo‘lishicha, bu qo‘shiq ham Nodira Qodirovaning oilasiga hamdardlik va haqiqatan ham adolatni qaror toptirish istagida emas, balki “Adolat va taraqqiyot” partiyasini obro‘sizlantirish maqsadida yozilgan. Boisi, bundan bir necha oy avval ushbu qo‘shiqni kuylagan havaskor xonanda mamlakatdagi “IYI” partiyasini qo‘llab-quvvatlab qo‘shiq kuylagan. Ushbu partiya esa Turkiyadagi hukumron siyosiy partiya “Adolat va taraqqiyot” partiyasining asosiy raqobatchilaridan biri sanaladi. Nodira Qodirova haqida kuylangan qo‘shiq ham aynan “IYI” partiyaning buyurtmasi bilan ijro etilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Nodira Qodirovaning vafoti yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Xonadon egasi Shirin Unal Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilganini ta’kidlamoqda. Qodirovaning akasi esa singlisi jinoyat qurboni bo‘lgani, unga ikki joyidan o‘q uzilgani, qolaversa, do‘pposlanganini iddao qilmoqda.
LiveBarchasi