“O‘zim qoralagan ko‘p ishlarni qildim” – Diyora Usmonova nega Botir Rahimovni tanlaganini aytdi
Jamiyat
−
04 noyabr 2019
117498O‘zbekistonlik taniqli xonim, ayni vaqtda Turkiyaning Istanbul shahrida istiqomat qilib kelayotgan Diyora Usmonova bugungi turmushi, oilasi, jumladan turmush o‘rtog‘i Botir Rahimov bilan hayoti haqida gapirdi.
Ma’lumki, Diyora Usmonova bundan uch yil avval mamlakatdagi badavlat shaxslardan biri, MDH mamlakatlarida “Botir alyuminiy” nomi bilan tanilgan Botir Rahimov bilan turmush qurgan edi. 2017 yilning 23 iyul kuni ular o‘g‘il farzandli bo‘ldilar. Chaqaloqqa Botir Rahimovning otasining ismi – Ikromjon nomi berildi.
Bu oila ko‘pchilikning diqqat markazida. Ayniqsa orada 20 yosh farq bilan Botir Rahimov va Diyora Usmonovaning turmush qurishi ko‘plab davralarda bahslarni keltirib chiqargan. Ammo Diyora Usmonova o‘rtadagi rishtalar bunday gap-so‘zlarni va o‘z hayotiy prinsiplarini bosib o‘tishiga sabab bo‘lganini aytadi.
“Biz ko‘p narsani boshimizdan o‘tkazdik. Masalan, men barcha prinsiplarim, qo‘rquv, e’tiqod va qoidalarimni bosib o‘tdim. O‘zim qoralagan ko‘p ishlarni qildim, albatta, men bizni qabul qila olmayotganlarni tushunaman. Boshqachasiga mumkin bo‘lmagani uchun shunday qildim. Bir-birimizsiz yashashga kuch topa olmadik. Keyin esa bu taqdir ekanini tushundik va yurak amriga bo‘ysunib, taqdirimizni qabul qildik”, deydi Diyora Usmonova.
Ayni vaqtda Botir Rahimov va Diyora Usmonova ikki farzandning ota-onasi. Uch yil avval Diyora to‘ng‘ich farzandi Maryamga atab “Bibiona Couture” bolalar liboslari brendiga asos solgan edi. Ayni vaqtda u moda sohasida faoliyat yuritib kelmoqda. Bolalar liboslarining eskizlarini o‘zi va onasi chizadi.
Botir Rahimov esa faoliyatini ham O‘zbekiston, ham Turkiyada davom ettirmoqda. Bu orada bir vaqtlar unga tegishli bo‘lgan “O‘zbekiston” mehmonxonasi va “KapitalBank" banki sotuvga qo‘yildi. Rahimov ko‘p yillar Toshkentning “Paxtakor” futbol klubiga homiylik ham qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Diyora Usmonova – O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaning jiyani.
LiveBarchasi