Rossiyadagi zavodda yirik portlash bo‘ldi. Qurbonlar bor

Olam

image

Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidagi Kopeysk shahrida joylashgan korxonada yuz bergan portlash oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘ldi, yana 5 kishi jarohat oldi. Bu haqda viloyat gubernatori Aleksey Teksler ma’lum qildi. 

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, korxonada dron hujumi sodir bo‘lgan degan tahminlar mavjud, ammo u hozircha tasdiqlanmagan.

Mahalliy axborot kanallariga ko‘ra, portlash “Plastmass” zavodi hududida ro‘y bergan bo‘lib, u yerda qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqariladi. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, uchta dron uchib kelgani haqida video ham tarqalgan. Portlashdan keyin zavodda dron hujumi xavfi e’lon qilingan. Ayrim manbalarga ko‘ra, hodisa yuz bergan vaqtda navbatchilikda 15 kishi bo‘lgan.

Hodisa joyida favqulodda xizmatlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Tekslerning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in o‘chirilgan va maxsus xizmatlar maydonni suv bilan to‘liq namlashdan so‘ng vayronalar orasini tozalash ishlariga kirishadi. Hodisada bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.

Voqea guvohlari portlash to‘lqini shaharning turli hududlarida sezilganini aytgan. Ayrim uylarning derazalari va devorlari siljib ketgan. Ayrim aholi vakillari keskin zarba ovozi va kuchli vibratsiya ularni qo‘rqitgani, hatto ba’zilari meteorit quladi deb o‘ylaganini bildirgan.

OAVga ko‘ra, zavod darvozalari oldida o‘nlab odamlar to‘plangan. Ular orasida navbatchilikka kelgan, ammo hududga kiritilmagan ishchilar ham bor. Shuningdek, guvohlardan biri tan jarohati olgan holda, zavod hududidan chiqqan va uni yaqinlari kutib olgani qayd etilgan.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kopeyskdagi “Plastmass” kon sanoati uchun portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri bo‘lib, u harbiy mahsulotlarni utilizatsiya qilish orqali olinadigan komponentlardan ham foydalanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Tennessi shtatidagi portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi Accurate Energetic Systems zavodida kuchli portlash sodir bo‘lgandi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, bir necha kishi halok bo‘lgan, kamida 18 kishi bedarak yo‘qolgan, yana to‘rt kishi shifoxonaga yotqizilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Chelyabinsk portlash Plastmass

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing