Rossiyada o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlar bir-birini do‘pposladi (video)
Olam
−
28 avgust 22190 2 daqiqa
Joriy yilning 26 avgust kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Yanino-1 aholi yashash punktida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida yirik janjal yuz berdi. Bu haqda “News Mail” xabar berdi.
Ikki davlat fuqarolari o‘rtasidagi mojaro qurilayotgan bolalar bog‘chasi yaqinida boshlangan va qisqa vaqt ichida ommaviy mushtlashuvga aylanib ketgan.
Mojaro aks etgan video tezda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Videoda bir guruh odamlar avval gaplashib turgani, keyin bir-birini bo‘ralatib so‘kkani, ortidan esa janjal paydo bo‘lgani ko‘rinadi. Janjal vaqtida ba’zi bir fuqarolar mushtlashib ketgan bo‘lsa, ba’zilar qo‘llariga turli buyumlar olib, bir-birini ayovsiz savalagan.
OAVga ko‘ra, mahalliy fuqarolar mushtlashuv haqida xodimlarga xabar bergan. Shundan so‘ng, hodisa joyiga tezkorlik bilan yetib kelgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar vaziyatni nazoratga olgan va janjalda ishtirok etganlarning barchasini, ya’ni 30 dan ortiq kishi qo‘lga olgan. Migrantlarni tergov qilish jarayonida 22-26 yoshdagi uch nafar tojikistonliklar to‘polonning asosiy tashabbuskori ekani aniqlangan. Ularga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi (bezorlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, ular sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Bundan tashqari, 23 kishi, xususan, 14 nafar tojikistonlik va 9 nafar o‘zbekistonlik ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, janjal ortidan tibbiy muassasalarga jarohatlar bilan bog‘liq biror murojaat tushmagan, bu esa janjal og‘ir tan jarohatlarisiz o‘tganidan dalolat beradi.
Janjal ishtirokchilarining hujjatlarni tekshirish davomida Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonlik migrant ham aniqlangan. U maxsus markazga joylashtirilib, deportatsiya qilinishi belgilangan.
Ayni paytda markaziy osiyoliklar o‘rtasidagi to‘qnashuvning aniq sabablari noma’lum. Huquq-tartibot idoralari mojaroning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun surishtiruvni davom ettirmoqda.
Rossiyadagi o‘zbekistonliklar yoxud markaziy osiyoliklar orasida jinoyat va katta-kichik janjallarni birinchi marta keltirib chiqarayotgani yo‘q. Xususan, iyun oyida Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Vitaliy Yakovlev Turkmaniston poytaxti Ashxobodda o‘tkazilgan “Tinchlik, barqaror rivojlanish va migratsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Rossiyada migrantlar orasida eng ko‘p jinoyatlarni o‘zbekistonliklar sodir etayotgani haqida aytgandi. Unga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Rossiyada xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 35,5 foizi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Primorsk o‘lkasida joylashgan Arsenev shahridagi qurilish maydonida Shimoliy Koreya va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgan edi. Qolaversa, Rossiyaning Krasnoyarsk shahri Leninskiy tumanidagi qurilish tashkiloti xodimlari, ya’ni o‘zbekistonliklar va xitoyliklar o‘rtasida janjal kelib chiqqandi.
Live
Barchasi