Rossiyada taqiqlangan “Tolibon” Moskvada. Putin bundan xabardormi?
Olam
−
09 iyul 2021
21801Avval xabar berganimizdek, kecha, 8 iyul kuni Rossiyada taqiqlangan tashkilot — “Tolibon” harakati vakillari muzokaralar uchun Moskvaga tashrif buyurdi.
“Tolibon” harakati siyosiy idorasi delegatsiyasining Moskvaga tashrifidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning xabari borligi ma’lum bo‘ldi. Bunga davlat rahbarining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov aniqlik kiritdi.
“Albatta, Putinning xabari bor, aloqalar Afg‘onistonda, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasida vaziyat keskin rivojlanib borayotgani fonida zarur, bu muzokaralar kerak”, degan Kreml vakili.
Shuningdek, jurnalistlarning Moskva butun Afg‘onistonni egallab oladigan bo‘lsa, u toliblarni tan oladimi degan savoliga Peskov bu kabi fikr yuritish o‘rinli emas, deb javob bergan.
“Menimcha, bu savolga qandaydir tarzda javob berish mumkin emas”, degan u.
Toliblar Moskvaga qilgan tashrifi davomida bir qator bayonotlar berdi. Xususan, ular maqsadi — “erkin Islomiy Davlat tizimi”ni yaratish ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, harakat vakillari Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi. Bundan tashqari, “Tolibon” ayni vaqtda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilishini aytib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi bir necha oy davomida Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. “Tolibon” harakati mamlakatning 85 foizini o‘z nazoratiga olganini da’vo qilgandi. Ayni vaqtda Afg‘oniston rasmiylari ushbu ma’lumotni rad etgan. Qayd etish kerakki, Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 31 avgustiga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi qo‘shni davlatlarni ham xavotirga solmoqda. Jumladan Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va ayniqsa Tojikiston Afg‘onistondagi keskinlikdan bezovta. Tojikistonga Afg‘oniston hududidan nafaqat harbiylar, balki tinch aholining ham qochib o‘tish holatlari kuzatildi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi