Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan 100 dan ortiq o‘zbekistonlik mamlakatga qaytariladi
Jamiyat
−
18 avgust 2025 4571 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida og‘ir hayotiy vaziyatda qolgan 100 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga olib kelinadi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur insonparvarlik ko‘magi O‘zbekistonda joriy yil 30 iyuldan 30 avgustgacha e’lon qilingan “Vatanga qaytarish” loyihasi doirasida mamlakatning Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida amalga oshirilyapti.
Aksiya doirasida Sankt-Peterburg shahrida og‘ir hayotiy vaziyatda bo‘lgan 100 dan ortiq fuqarolarga O‘zbekistonga qaytish sertifikatlari va aviachiptalar taqdim etilgan. Ular bugun, 18 avgust kuni O‘zbekistonga kuzatib qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 33 nafar fuqaro, jumladan, xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lgan va og‘ir moddiy ahvolda qolgan o‘zbekistonliklarga moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Migratsiya agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda joriy yilning 30 iyulidan 30 avgustigacha “Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda. Aksiya doirasida xorijiy davlatlarda mushkul ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Birinchi navbatda, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Janubiy Koreyadagi deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalar O‘zbekistonga olib kelinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi hamkorligida Rossiyaning Irkutsk shahrida tang ahvolda qolgan ona va uning voyaga yetmagan farzandining O‘zbekistonga yetib olishiga amaliy yordam ko‘rsatilgandi.
Live
Barchasi