Rossiyada qiyin ahvolda qolgan ona-bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
18 avgust 2025 3059 1 daqiqa
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi hamkorligida Rossiyaning Irkutsk shahrida tang ahvolda qolgan ona va uning voyaga yetmagan farzandining O‘zbekistonga yetib olishiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishica, onaning so‘rovi asosida unga va farzandiga O‘zbekistonda joriy yilning 30 iyulidan 30 avgustigacha e’lon qilingan “Vatanga qaytarish” loyihasi doirasida Irkutsk-Toshkent yo‘nalishidagi aviareysga chipta olib berilgan.
Ular joriy yilning 15 avgust kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi reysi bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, 30 iyul – “Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish” kuni munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Migratsiya agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda joriy yilning 30 iyulidan 30 avgustigacha “Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda. Aksiya doirasida xorijiy davlatlarda mushkul ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Birinchi navbatda, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Janubiy Koreyada deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalar O‘zbekistonga olib kelinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Novosibirsk shahrida mushkul ahvolda qolgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi “Vatanga qaytarish” aksiyasi doirasida mamlakatga qaytarilgandi.
Live
Barchasi