Rossiyada qamalgan amerikalik sportchi sud qaroriga norozilik bildirdi

Sport

image

Rossiyada 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan amerikalik basketbolchi Brittni Grayner jamoasi sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bergan. Bu haqda sportchining advokati Mariya Blagovolinaning so‘zlariga tayanib, RIA Novosti nashri xabar berdi.

“Brittni Graynerning himoyasidagi jamoa Ximki sudi hukmi ustidan apellyatsiya berdi”, degan Blagovolina.

Qayd etish kerakki, basketbolchi joriy yilning 17 fevral kuni “Sheremetevo” aeroportida qo‘lga olingan. Uning yukidan 0,702 g hash yog‘i topilgan. Uning o‘zi buni tan olgan, lekin u giyohvand moddalarni sotmaganligini, balki ularni o‘zi uchun ishlatganini aytgan. Unga giyohvand moddalar kontrabandasi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 229.1-moddasi 2-qismi) va ularni noqonuniy tashish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi) ayblovi qo‘yilgan.

Grayner yordam so‘rab Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Baydenga maktub yozgan edi. Darhaqiqat, ushbu maktub Janob Baydengacha yetib bordi va u sportchini AQSHga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini aytgandi.

Shundan so‘ng , AQSH va Rossiya o‘rtasida o‘zaro mahbuslarni almashtirish borasida muzokaralar o‘tkazildi. Ammo bu muzokaralar natijasiz tugadi.

Yakunda, Brittni Grayner giyohvand moddalar kontrabandasida va tashishda aybdor topilib, Ximki sudi tomonidan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi va 1 million rubl jarimaga tortildi. 

Ma’lumot o‘rnida, Brittni basketbol bo‘yicha AQSH ayollar terma jamoasi bilan birgalikda ikki karra Olimpiya chempioni hisoblanadi. U 2015 yildan beri Rossiyaning UGMK basketbol klubida faoliyat yuritib keladi. Shuningdek, Grayner WNBA'ning eng kuchli 25 basketbolchisi ro‘yxatiga kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Brittni Grayner

Baholaganlar

207

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing