AQSH Rossiyaga bir rusni ikki amerikalikka almashtirishni taklif qildi
Olam
−
28 iyul 2022
13125AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Moskvaga Amerikada sudlangan qurol sotuvchisi Viktor Butni Rossiyada josuslikda ayblangan amerikalik Pol Uilan va Ximkida giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanayotgan basketbolchi Brittni Grayner bilan almashishni taklif qildi. Bu haqda CNN vaziyat bilan tanish manbasiga tayanib xabar bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident Bayden bu rejani qo‘llab-quvvatlagan. Prezidentning qo‘llab-quvvatlashi odatda bunday almashinuvlarga qarshi turadigan AQSH Adliya vazirligining e’tirozlarini chetlab o‘tish imkonini beradi.
“Biz o‘z taklifimizni Rossiyaga yetkazdik va Rossiya tomoni bilan olib borgan muzokaralarimiz natijasidan kelib chiqib muvaffaqiyatga erishishimiz mumkinligiga ishonamiz”, deydi AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakili CNN telekanaliga.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken jurnalistlarga yaqin kunlarda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan, jumladan Grayner va Uilan taqdirini muhokama qilmoqchi ekanligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Amerika tomoni bir necha hafta oldin Moskvaga muzokaralar olg‘a siljishiga yordam beradigan taklif bilan chiqqan.
Aprel oyida Rossiya va AQSH Moskvada politsiyachilar bilan mushtlashgani uchun sudlangan amerikalik Trevor Ridni 2010 yilda AQSHda kokain tashishga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanib sudlangan uchuvchi Konstantin Yaroshenkoga almashishga kelishib oldi. Mahkumlar Turkiyada almashtirildi. Ayirboshlashni sharhlar ekan, Bayden buning uchun qiyin qarorlar qabul qilishi kerak bo‘lganini ta’kidladi.
Yekaterinburgning UGMK klubida o‘ynayotgan Greyner ishi hozir Ximki sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. U Rossiyaga yetib kelganida yukidan “gashish” yog‘i topilgani uchun qo‘lga olingan. Sudda u AQSHda ta’tilda bo‘lganida shifokorning retsepti bo‘yicha tibbiy marixuana olganini va shoshib yig‘ayotganda uni tasodifan bagajiga solib qo‘yganini aytgan.
Sobiq dengiz piyodasi Pol Uilan 2020 yil iyun oyida Moskva shahar sudi tomonidan josuslikda ayblanib 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U o‘z aybiga iqror bo‘lmagan va qo‘lga olingan flesh-diskda uning Rossiya bo‘ylab avvalgi sayohatlari tasvirlari bo‘lishi kerakligini aytgan. Hozir u qamoqda.
LiveBarchasi