Bayden Moskvada qamalgan sportchiga javob xati yozdi
Sport
−
07 iyul 2022
17551AQSH Prezidenti Jo Bayden Moskvada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, qo‘lga olingan Brittni Graynerning maktubiga javob xati tayyorlab qo‘ygan. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Bayden Graynerning turmush o‘rtog‘i Sherellga qo‘ng‘iroq qilib, Brittni va boshqa Amerika fuqarolarini imkon qadar tezroq ozod qilinishi uchun harakat qilayotganiga ishontirgan va mahbusning oilasiga to‘liq yordam taklif qilgan.
Baydenning ma’muriyati Brittnini uyiga qaytarish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanadi. Shuningdek, Prezident suhbat chog‘ida Graynerga yubormoqchi bo‘lgan javob xati qoralamasini ham o‘qib bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyul kuni Brittni Grayner yordam so‘rab, Prezident Jo Baydenga maktub yozgandi. Shundan so‘ng, Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per Prezidentga basketbolchi tomonidan yozilgan maktubni o‘qib berganini ma’lum qildi.
Qayd etish joizki, joriy yilning 1 iyul kuni Grayner ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud zalida AQSH elchixonasi xodimlari ham bo‘lgan. Prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirgan va ikki guvoh so‘roq qilingan. Shundan so‘ng, sud majlisi 7 iyulga qoldirilgan.
Basketbolchi joriy yilning 17 fevral kuni “Sheremetevo” aeroportida qo‘lga olingan. U giyohvand moddalar kontrabandasida (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 229.1-moddasi 2-qismi) va ularni noqonuniy tashishda (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi) ayblanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Brittni basketbol bo‘yicha AQSH ayollar terma jamoasi bilan birgalikda ikki karra Olimpiya chempioni hisoblanadi. U 2015 yildan beri Rossiyaning UGMK basketbol klubida faoliyat yuritib keladi. Shuningdek, Grayner WNBA'ning eng kuchli 25 basketbolchisi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi