Rossiyada gvardiya generali qo‘lga olindi
Olam
−
04 noyabr
22299Moskva harbiy sudi Rossiya gvardiyasi boshlig‘ining moddiy-texnika ta’minoti bo‘yicha o‘rinbosari, general-mayor Mirza Mirzayevni poraxo‘rlik ishi bo‘yicha hibsga oldi. Bu haqda huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib, TASS xabar berdi.
Sud uni 2025 yil 2 yanvarga qadar tergov hibsxonasiga jo‘natgan. “Mash” Telegram-kanali xabariga ko‘ra, 52 yoshli Mirzayev yig‘ma binolar uchun modul yetkazib beruvchidan 140 million rubl talab qilgan va pul bo‘lmasa, 480 millionlik shartnomani buzish bilan tahdid qilgan. Kompaniya vositachi orqali generalga pul o‘tkazgan va ikkalasi ham qo‘lga olingan. Aytilishicha, Mirzayevning himoyachisi uy qamog‘ini so‘ragan, biroq sud uni hibsga olgan.
2024 yil aprelidan beri Rossiyada Mudofaa vazirining uch sobiq o‘rinbosari korrupsiyada ayblanib hibsga olingan: Dmitriy Bulgakov, Timur Ivanov va Pavel Popov.
Ma’lumot uchun, Mirza Mirzayev, to‘liq ismi-sharifi Mirza Mais o‘g‘li Mirzayev 1972 yil 26 mayda tug‘ilgan. 2006 yilda Sankt-Peterburgdagi Harbiy logistika va transport akademiyasini tamomlagan. 2015 yilda Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Mirza Mirzayev Stavropol o‘lkasidan Budennovsk dumasiga deputatlar sayloviga ko‘rsatilgan. Bu vaqtda u shahar harbiy qismlaridan birida ishlagan. Mirzayev avvalroq Rossiya gvardiyasining “eng boy” generali deb atalgan – uning bir nechta qimmatbaho mashinalari va ko‘chmas mulki bor, ularning qiymati yuzlab million rublga baholanadi. Mirza Mirzayevning 48 million rubllik bir nechta qimmatbaho mashinasi, Kislovodskdagi 50 millionlik saroyi bor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov pora olishda gumonlanib qo‘lga olingandi. Keyinchalik matbuotda uning poraxo‘rlikda emas, davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi.