“Rossiya va Ukraina aka-uka”. Putin Ukraina haqida nimalar dedi?
Olam
−
16 avgust 10608 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina aka-uka xalq. Ukrainada bo‘layotgan voqealar Rossiya uchun og‘ir fojiadir. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 15 avgust kuni Alyaskaning Ankorij shahrida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiya uchun Ukrainadagi voqealar milliy xavfsizlikka asosiy tahdidlar bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun inqirozning asosiy ildiz sabablarini bartaraf etish, Rossiyaning qonuniy xavfsizlik masalalarini inobatga olish va Yevropa hamda butun dunyoda adolatli xavfsizlik muvozanatini tiklash zarur.
Putin Rossiya va Ukrainani “aka-uka xalq” deb atagan va bo‘layotgan voqealarni Rossiya uchun “fojia va og‘ir dard” sifatida ta’riflagan. U, shuningdek, Tramp bilan bir fikrda ekanini bildirgan holda, Ukrainaga ham xavfsizlik kafolatlari ta’minlanishi lozimligini aytgan va bunga tayyorliklarini ma’lum qilgan.
Prezident Rossiya va AQSH uchrashuvlari so‘nggi to‘rt yildan buyon o‘tkazilmaganini eslatib, ikki tomonlama aloqalar sovuq urushdan beri eng past darajaga tushib ketganini qayd etgan.
“Ertami-kechmi vaziyatni to‘g‘rilash, konfrontatsiyadan dialogga o‘tish zarur edi va shaxsiy uchrashuv chindan ham pishib yetilgan edi”, degan Rossiya rahbari.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, erishilgan yutuqlar tinchlikka olib kelishi mumkin va bu yo‘lda Kiyev ham, Yevropa poytaxtlari ham konstruktiv yondashishi lozim.
Shuningdek, Putin kelishuvlar nafaqat Ukraina muammosini hal qilish, balki Rossiya va AQSH o‘rtasida amaliy va pragmatik munosabatlarni qayta tiklash uchun ham asos bo‘lishiga umid bildirgan.
U nutqining yakunida 2022 yilda AQSHning oldingi ma’muriyati bilan o‘tkazilgan so‘nggi muloqotlarni eslab, o‘shanda harbiy to‘qnashuv xavfi haqida ogohlantirganini, ammo ogohlantirishlari inobatga olinmaganini aytgan.
Putin Trampning “Agar men Prezident bo‘lganimda, urush bo‘lmagan bo‘lardi” degan so‘zlariga qo‘shilgan va ular o‘rtasida yaxshi, ishchan va ishonchli aloqa o‘rnatilganini ta’kidlagan.
“Biz shu yo‘ldan tezroq yurib, Ukrainadagi mojaroning tugashiga erishamiz, bunga barcha asoslar bor”, deya o‘z chiqishini yakunlagan Putin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Alyaskadan qaytayotganda ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy bilan uzoq suhbatlashgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi