“Putin yutdi”. Alyaskadagi sammitga OAV qanday munosabat bildirdi?
Olam
−
16 avgust 18480 3 daqiqa
Alyaskadagi Elmendorf-Richardson qo‘shma harbiy bazasida Toshkent vaqti bilan bugun, 16 avgust kuni soat 04:25 lar atrofida AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvi yakunlandi. Ular o‘rtasidagi yuzma-yuz muzokaralar uch soat davom etdi. So‘ngra ikki delegatsiya vakillari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbat yakunida AQSH va Rossiya yetakchilari matbuot oldiga chiqdi. Prezidentlar qisqa bayonotlar bilan cheklanib, jurnalistlarning savollariga javob bermadi.
Oq uy rahbari Amerika-Rossiya muzokaralari yakunida “Fox News” telekanaliga intervyu berdi.
Donald Tramp intervyusida aytgan asosiy fikrlar:
- Alyaskadagi muzokaralarda, jumladan, Ukraina xavfsizligiga oid kafolatlar masalasi ham ko‘p jihatdan kelishib olindi;
- Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati endi Zelenskiy va Yevropa davlatlariga bog‘liq;
- Zelenskiy Rossiya bilan mojaro sabab ko‘p narsani yo‘qotayotganini tan olishi lozim;
- Tramp Rossiyani qudratli davlat deb bilishini, Ukrainani esa bunday kuchga ega emasligini aytdi va Kiyevga bitim tuzishni maslahat berdi;
- Putin bilan muzokaralar davomida katta siljishlarga erishildi;
- Ukraina bo‘yicha kelishuv tuzilishi ehtimoli anchagina yuqori;
- Ukrainadagi mojaroning tugashi ham Putin, ham Zelenskiy uchun muhim yutuq bo‘ladi;
- AQSH Prezidenti Putin va Zelenskiy uchrashuvida ishtirok etishi mumkinligini istisno etmadi;
- Yevropa davlatlari ham Ukraina bo‘yicha kelishuvda qisman ishtirok etishi kerak;
- Rossiya katta yadroviy salohiyatga ega va bu bilan hisoblashish lozim.
Alyaskadagi uchrashuvni jahon OAV qanday baholadi?
“Putin uchrashuvni ayrim g‘alabalar bilan yakunladi. U AQSHga tashrif buyurishga erishdi – bu oz narsa emas va Trampdan iliq “mehmondo‘slik” oldi, shuningdek, Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalarning navbatdagi kechiktirilishini qo‘lga kiritdi”, deb yozadi “The New York Times”.
CNN’ga ko‘ra, Putin qo‘shma matbuot anjumanini ochib bergan, bu esa odatdagi protokoldan chetga chiqish hisoblanadi.
“Associated Press” esa Tramp va Putin matbuot anjumanini hech qanday savollarga javob bermay va Ukrainaning kelajagi bo‘yicha muzokaralar tafsilotlarini oshkor etmay yakunlaganidan afsus bildirdi.
“The New York Times” shuni qayd etadiki, Elmendorf-Richardson harbiy bazasida qariyb uch soatlik uchrashuvdan so‘ng Donald Tramp erishilgan siljishlarga noaniq, ammo ijobiy baho bergan. Nashrning fikricha, Putin uchun uchrashuv muayyan g‘alabalar bilan yakunlandi.
“U AQSHga tashrif buyurdi, harbiy bazaga ham. Uni Tramp iliq kutib oldi, shuningdek, Rossiyaga qarshi ikkilamchi sanksiyalar yana bir bor kechiktirildi”, deb yozadi gazeta.
“The Sun”: Qariyb uch soatlik uchrashuvdan so‘ng AQSH Prezidenti tomonlar ayrim yirik masalalarda kelishib olganini aytdi, biroq ikki liderdan hech biri Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni tilga olmadi.
“So‘nggi paytlarda o‘tkazilganlar ichida eng ko‘p e’tiborni tortgan sammit allaqachon yakunlandi va ikki Prezident ham uni muvaffaqiyatli, deb hisoblamoqda. Qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Donald Tramp ikki yarim soat davom etgan uchrashuvni “juda samarali” deb atadi”, deb yozadi “El Pais”.
“Bloomberg”ning yozishicha, ularning uzoq suhbatiga qaramay, ikki lider ham muhokama tafsilotlarini ochiq bildirmagan va tomonlar umumiy til topishgan-topishmaganini ko‘rsatmagan. Bunday holat, ehtimol, Yevropa poytaxtlari va Kiyevda ularning hissasi ikkinchi darajaga surilayotgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelishuv bo‘yicha xavotirlarni kuchaytiradi.
“Tramp yutqazmadi, ammo Putin aniq yutdi”, deydi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp “yangi uchrashuvlardan boshqa hech narsa olmadi”. Putin esa ko‘p narsaga erishdi. U sanksiyalardan qutuldi. Uni o‘t ochishni to‘xtatish xavfi kutmayapti. Keyingi uchrashuv belgilab qo‘yilmagan.
“Zelenskiy muzokaralarda ishtirok etmadi. Bu hech qanaqasiga yakun emas. Menimcha, Putin xohlagan narsasining katta qismini qo‘lga kiritdi”, deydi u.
Amerika OAV shuni ham qayd etdiki, matbuot anjumanida Vladimir Putin taxminan 8 daqiqa 30 soniya gapirgan bo‘lsa, Donald Trampning chiqishi ancha qisqa – atigi 3 daqiqa 30 soniya bo‘lgan.
Live
Barchasi