Alyaskadagi uchrashuv: Putin va Tramp bayonotidan asosiy nuqtalar
Olam
−
16 avgust 2025 13485 2 daqiqa
Kecha, 15 avgust kuni (Toshkent vaqti bilan bugun, 16 avgustga o‘tar kechasi) Alyaskadagi Elmendorf-Richardson qo‘shma harbiy bazasida AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuv o‘tkazdi. Ularning muzokaralari qariyb uch soat davom etdi. Uchrashuv so‘ngida Prezidentlar matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida Oq uy rahbari Donald Tramp kelishuvga erishilmaganini bildirdi.
“Sizga aytsam, bizda juda chuqur va samarali uchrashuv bo‘ldi. Biz ko‘plab masalalarda kelishuvga erishdik. Ularning ko‘pchiligida bir necha muhimlari bor desam bo‘ladi. Ammo ular hanuz oxirigacha hal etilmadi, lekin biz muayyan natijalarni ko‘ryapmiz. Hozircha boshqa kelishuvga erisha olmayapmiz.
Bugun biz haqiqatan ham katta taraqqiyotga erishdik. Menda har doim Prezident Vladimir Putin bilan ajoyib munosabatlar bo‘lgan”, deydi u.
Rossiya Prezidentining bayonotidan asosiy nuqtalar:
- Rossiya Ukrainadagi kelishuv uzoq muddatli bo‘lishidan manfaatdor;
- Rossiya va AQSH rahbarlari o‘rtasidagi muloqot pishib yetildi, mamlakatlar konfrontatsiyadan dialogga o‘tishi kerak;
- Rossiya Tramp ma’muriyatining Ukraina inqirozini hal etishga ko‘maklashish istagini ko‘rayotganini bildirdi;
- Rossiya Ukraina xavfsizligi ta’minlanishi kerakligiga qo‘shiladi, buning ustida ishlashga tayyor;
- Rossiya Prezidentining aytishicha, Tramp uchrashuv chog‘ida uni “qo‘shnilardek” kutib olgan;
- Rossiya va Alyaskani faqat Bering bo‘g‘ozi ajratib turadi, mamlakatlar yaqin qo‘shnilar;
- Putin AQSH yetakchisi bilan telefon suhbatlarini samimiy deb atadi;
- Rossiya va AQSHda hamkorlik uchun ko‘plab qiziqarli yo‘nalishlar bor;
- Rossiya Alyaskada dafn etilgan sovet uchuvchilari xotirasiga munosib munosabat bildirgani uchun AQSH rasmiylariga minnatdorlik izhor etdi;
- Rossiya-AQSH sammitida har ikki tomonda ham natijaga erishish kayfiyati bo‘lgan;
- Vladimir Putin matbuot anjumanini “Next time in Moscow ” (“Keyingi safar Moskvada”) so‘zlari bilan yakunladi.
Donald Tramp bunday tashrif ehtimolini istisno etmadi.
“Janob Putin, umid qilamanki, tez orada siz bilan ko‘rishaman”, dedi u.
AQSH Prezidentining bayonotidan asosiy nuqtalar:
- Tramp Putindan Ukraina muammosi bo‘yicha “ko‘plab masalalarda” kelishuvga erishganini, ammo ularning bir qatorida hali ham kelishuv yo‘qligini aytdi;
- U kelajakda AQSH va Rossiya o‘rtasida samarali uchrashuvlar o‘tkazilishiga umid bildirdi;
- Trampning fikricha, Putin ham o‘zi singari Ukrainadagi mojaroni tugatishda qiziqish bildirmoqda;
- Oq uy Putin va Tramp uchrashuvini tarixiy, deb atadi. Amerika OAV esa uni do‘stona, deb baholadi.
Shu bilan birga, mamlakat rahbari ma’muriyatida AQSH va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi tushlik bekor qilingani, Tramp Vashingtonga qaytayotgani haqida OAVga ma’lumot berildi. Putin uchrashuvdan keyin Alyaskadagi sovet uchuvchilari qabrini ziyorat qildi va tezda Rossiyaga uchub ketdi.
Live
Barchasi