Rossiya va qo‘shni mamlakatlardagi o‘zbek muhojirlari Vatanga olib kelinadimi?

Jamiyat

Ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilganidan keyin, 16 martdan e’tiboran barcha xorijiy aviaqatnovlar va avtomobil transportida yo‘lovchi tashish taqiqlandi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda esa oliy ta’lim muassasalari yopildi. U yerda esa minglab o‘zbekistonlik talabalar tahsil oladi. Shuningdek, Rossiya Federetsiyasining turli shaharlarida minglab o‘zbekistonlik mehnat muhodirlari va talabalar bor. 

QALAMPIR.UZ to‘plagan ma’lumotlarga qaraganda, aviaqatnovlar bekor qilingunga qadar Rossiya va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida kelgusi haftada 27 ta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Bir haftada 35 ming kishi qaytishi kutilayotgandi. Xo‘sh, ular O‘zbekistonga qanday olib kelinadi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga yuzlandi. 

“Fuqarolarimizni olib kelishga kelsak, chetga chiqqanlarning hammasini olib kelishga imkon yaratib beramiz. Ertadan boshlab boshqa mamlakatlar bilan reyslarni to‘xtatamiz. Siz aytgan 27 reys ham kelmaydi. Chunki, ulardagi yo‘lovchilarning hammasi ham o‘zbekistonlik emas. Sizga shuni ma’lum qilamanki, 11 mart kuni Fransiyadan uchib kelgan samolyotda 45 kishi bo‘lgan. Ularning yarmi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan. Ular biz orqali uchinchi davlatga uchib ketgan”, deydi Abdulla Aripov. 

Ayni vaqtda O‘zbekistonda bo‘lib turgan xorijiy sayyohlarni o‘z yurtiga jo‘natib yuborish uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. 

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, O‘zbekiston havo qatnovlari va avtomobil orqali kirish-chiqishga taqiqlar joriy qilgani bilan, temir yo‘l transporti uchun yana uch kun muhlat bergan. Bosh vazir chet eldagi o‘zbekistonliklarni mamlakatga olib kelish haqida shunday deydi: 

“O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan va qo‘lida chiptasi bor fuqarolarimizni olib kelish uchun ehtiyojga qarab cherter-reyslarni tashkil qilamiz”. 

Koronavirus pandimeyasi dunyo bo‘ylab yuqori xavf uyg‘ota boshlagandan buyon O‘zbekiston Hukumati Xitoy bilan ushbu kasallikni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikni olib borgan va ikkita samolyotda maxsus mutaxassislar olib kelingan. Ayni vaqtda yana ikkita samolyotda mutaxassislarni keltirish choralari ko‘rilmoqda. 

Bosh vazir Aripov xorijdan keluvchi o‘zbekistonliklarning oqimi haqida gapirarkan, “Sizlar o‘ylamanglar, xavfsizligini ta’minlay olmaydigan miqdorda odamlarni olib kelish rejamiz yo‘q. Lekin, siz aytganingizdek, 35 ming emas, undan ham ko‘p odamlarimizni olib kelib, joylashtirishga biz tayyormiz”, deydi. 

Ma’lum qilinishicha, chet eldan olib kelingan o‘zbekistonliklar tegishli tartibda tekshiruvlarda o‘tkazilib, 14 kunlik karantinga olinadi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 163 080 kishi koronavirusga chalingan. Kasallikdan 6085 kishi vafot etgan. 76 219 kishi ushbu virusdan forig‘ bo‘lgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Migrantlar Abdulla Aripov koronavirus

Baholaganlar

355

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing