Rossiya va Belarus o‘rtasida kesib o‘tilmagan “qizil chiziq” bor — Lukashenko
Olam
−
22 iyul 2021
3395Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarus va Rossiyaning bir-biriga da’vosi borligini, ammo mamlakatlar hech qachon kesib o‘tmagan chiziq mavjudligini ma’lum qildi. Bu haqda “Belorussiya 1” xabar bergan.
“Biz (Rossiya Prezidenti Vladimir Putin — tahr.) Putin bilan bu yil bir martagina uchrashmadik. Bizda yaxshi va yaqin munosabatlar o‘rnatildi. Bir-birimizni tushunamiz, davlatlarimizning yagona mudofaasi bor. Bizda turli masalalar bo‘yicha muayyan tortishuvlar mavjud. Ammo biz hech qachon kesib o‘tmagan “qizil chiziq” bor”, degan Lukashenko.
U Belarus hamda Rossiyaning mudofaasi va xavfsizligi “muqaddas ish” ekanini qo‘shimcha qilgan. Lukashenko, shuningdek, uning Putin bilan so‘nggi uchrashuvi samarali bo‘lganini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida, Putin va Lukashenko joriy yil to‘rt marta uchrashdi.
Oxirgi uchrashuv 13 iyul kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar besh soatdan ko‘proq davom etdi. O‘zaro suhbat davomida tomonlar iqtisodiy hamda xalqaro munosabatlardagi vaziyatga to‘xtalib o‘tgan. O‘z navbatida, Aleksandr Lukashenko G‘arb tomonidan davom etayotgan bosimga e’tibor qaratib, Belarus Rossiya bilan saqlanib qolgan aloqalar tufayli sanksiyalarga qarshi bardosh berayotganini ta’kidlagan.