Rossiya Ukraina va Yevropaga jiddiy ayblov qo‘ydi

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina va ayrim Yevropa davlatlarini Ukraina mojarosiga doir muzokara jarayonini izdan chiqarishga urinishda aybladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. 

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Moskva tashabbusi bilan Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik muzokaralari tiklangan, biroq Kiyev tomoni Yevropaning ayrim mamlakatlari ko‘magida muzokaralarni buzishga qaratilgan bir qator provokatsion harakatlarni amalga oshirgan.

Mudofaa vazirligi, shuningdek, joriy yilning 20 may kunidan boshlab Ukraina tomonidan Rossiyaning fuqarolik ob’ektlariga qarshi dronlar va G‘arbda ishlab chiqarilgan reaktiv snaryadlar bilan hujumlar soni keskin oshganini qayd etgan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 20 may soat 20:00 dan 27 may soat 08:00 gacha bo‘lgan davrda Rossiya havo mudofaasi 2331 ta zarba beruvchi dronni yo‘q qilgan yoki ushlab qolgan, ulardan 1465 tasi harbiy harakatlar zonasi tashqarisida aniqlangan.

“Ukraina dronlarining Rossiya hududlariga uyushtirgan hujumlari oqibatida tinch aholi, jumladan ayollar va bolalar jabr ko‘rgan”, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi muzokaralarda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari  “1000 ga 1000” formatida mahbuslar almashinuvini amalga oshirishga kelishib olgandi. Ukraina delegatsiyasi rahbari, Mudofaa vaziri Rustam Umarovning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ham muhokama qilingan. Ukraina delegatsiyasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan yangi muzokaralar “yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi”. Qolaversa, tomonlar 23 va 24 may kuni “1000 ga 1000” formatida asirlarni almashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing