Rossiya-Ukraina urushi: Vuhledarda kimning qo‘li baland kelmoqda?
Olam
−
16 mart 2023
12791Rossiyaning Ukraina sharqidagi Vuhledar shahriga hujum qilishga urinishlari sekinlashdi. Bu haqda Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 16 mart kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi o‘zining kundalik hisobotida Rossiyaning Ukraina sharqidagi Vuhledar shahriga hujum tezligini yo‘qotganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, bu so‘nggi uch oy ichida katta yo‘qotishlar bilan amalga oshirilgan Rossiya hujumlaridan biri bo‘lgan.
Hisobotda aytilishicha, Rossiyaning muvaffaqiyatsizliklari qisman Ukraina tomonidan RAAM deb nomlanuvchi masofaviy zirhga qarshi mina tizimining muvaffaqiyatli joylashtirilishi bilan bog‘liq. Mazkur tankka qarshi minalar ishga tushirilganda 17 kilometrgacha sochishi mumkin. Ukraina ularni ba’zi hollarda rus bo‘linmalarining oldiga va orqasiga joylashtirgan hamda Moskva qo‘shinlarining chekinishi bilan tartibsizlikka sabab bo‘lgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Rossiyaning yagona muhim taktik muvaffaqiyati “Vagner” guruhining yollanma qo‘shinlari hukmronlik qiladigan Baxmut sektorida bo‘lgan. Biroq bu guruh va Rossiya Mudofaa vazirligi orasida kelishmovchilik bo‘lmoqda.
Hisobotda aytilishicha, Rossiya mudofaa vazirligi Vuhledarda muvaffaqiyat qozonishda qat’iyat ko‘rsatishi kutilmoqda. Chunki idora o‘z muvaffaqiyati “Vagner” yutuqlari bilan raqobatlashishini xohlaydi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Sharqiy frontdagi vaziyat og‘irlashganini aytgan edi. Keyinchalik Rossiyaning “Vagner” yollanma qo‘shinlari rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmutdagi Rossiya pozitsiyalari xavf ostida ekanini bildirib, agar Moskva tomonidan qurollar yetkazilmasa, Rossiyaning front chizig‘i qulashi mumkinligini aytgandi. 8 mart kuni esa Rossiya Baxmutning yarmini egallagani e’lon qilingandi.
LiveBarchasi