Sharqiy frontda vaziyat og‘irlashdi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina sharqidagi Baxmut shahrida vaziyat tobora qiyinlashib bormoqda. Bu haqda kecha, 27 fevral kuni Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘z murojaatida aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon kuzatilgan eng shiddatli janglar Ukrainaning Donetsk viloyatida, bir qismi Rossiya nazorati ostida bo‘lgan Baxmut shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Rossiya kuchlari olti oydan beri shaharni egallashga harakat qilmoqda. Ayniqsa so‘nggi paytlarda rus qo‘shinlarining konchilar shahrini egallashga bo‘lgan harakatlari kuchaygan. 

“Dushman bizning pozitsiyalarimizni himoya qilish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan hamma narsani doimiy ravishda yo‘q qilmoqda”, degan Zelenskiy.

Shuningdek, Zelenskiy o‘z murojaatida vaziyat haqida gapirar ekan, Baxmutda mustahkam o‘rnashib olish va uning mudofaasini ta’minlash Rossiyaning yangi hujumi tufayli jiddiy xavf tug‘dirayotganini aytgan hamda hududni “qahramonlarcha ushlab turgan” har bir insondan minnatdorlik bildirgan.

Shuningdek, u mamlakatning butun hududini “rus terrori”dan himoyalash uchun dunyo hamjamiyatini yana bir bor zamonaviy jangovar samolyotlar jo‘natishga chaqirgan.

Ta’kidlash joizki, Ukraina rahbarining bayonoti AQSH moliya vaziri Janet Yellen kecha, 27 fevral kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida yangragan. Kiyevga kutilmagan tashrifi chog‘ida Janet Yellen Ukrainaga iqtisodiy va byudjet yordami sifatida 1,25 milliard dollar o‘tkazilishini e’lon qilgan.

Shuningdek, u Rossiya iqtisodiyoti G‘arb davlatlari tomonidan kiritilgan keng qamrovli sanksiyalar ostida hali barbod bo‘lmagan bo‘lsada, vaqt o‘tishi bilan uning zaiflashishini kutayotganini qo‘shimcha qilgan. Bundan tashqari, Rossiyaning Ukrainaga qilingan hujumlar natijasida yo‘q qilingan harbiy texnikani to‘ldirish qobiliyati asta-sekin xavf ostida qolayotganini ta’kidlab, Xitoyning Rossiyaga bunday qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha har qanday harakati og‘ir oqibatlarga olib kelishini aytgan.

“Biz Rossiyani urush olib borish uchun harbiy texnikadan mahrum qilish maqsadida joriy qilgan sanksiyalarimizni hech qaysi davlat tomonidan muntazam ravishda buzilishiga toqat qilmasligimizni aniq aytdik. Xitoy hukumati bilan juda aniq gaplashdik va Xitoy firmalari, moliyaviy institutlariga ushbu sanksiyalarni buzish oqibatlari juda og‘ir bo‘lishini aytdik”, deydi AQSH moliya vaziri.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy Rossiyaga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgandi. Pekin esa bu da’voni qat’iyan rad etgandi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing