Rossiya Turkiya bilan aviaqatnovlarni nega cheklagani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
14 aprel 2021
8185Turkiyaning barcha viloyatlarida koronavirusning britancha shtammi tarqalgan. Bu haqda Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova Hukumat uyida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilgan.
Ma’lumki, Rossiya ertaga, 15 apreldan 1 iyungacha Turkiya va Tanzaniya bilan aviaqatnovlarni cheklamoqda.
Popovaning ta’kidlashicha, Rossiyaga koronavirus bilan qaytganlarning deyarli 80 foizi yaqinda Turkiyadan kelganlar.
"Sanitariya-karantin nazorati ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro reyslar ochilgandan buyon biz chet eldan qaytib kelgan deyarli 3 million kishini epidemiologik sharoitda tekshirdik va 25 mingdan ortiq kishida yangi koronavirus aniqlandi. Bu test topshirganlarning 1 foizi degani va bu juda yuqori raqamlar. Shuni aytmoqchimanki, yuqtirganlarning umumiy sonidan deyarli 80%i Turkiya Respublikasidan kelgan fuqarolarimizdir”, deydi Popova.
Unga ko‘ra, dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat hozircha barqarorlashmagan.
"Joriy yilning aprel oyi birinchi o‘n kunligidan boshlab, Yevropa Ittifoqining ko‘plab mamlakatlarida kasallanishning o‘sishi kuzatilmoqda. Shuningdek, Afrika qit’asida, Amerika qit’alarida va Osiyoda vaziyat beqaror”, deydi u.
Mutaxassisning qayd etishicha, so‘nggi paytlarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Rossiya bilan havo qatnovini ochgan 21 ta davlatda yomonlashgan.
"Agar biz ochiq havo aloqasi mavjud bo‘lgan mamlakatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, unda so‘nggi uch hafta ichida 30 ta bunday mamlakat 21 tasida biz vaziyatning beqarorlashuvini ko‘rmoqdamiz. Ammo kasallikning eng yuqori darajasi Turkiya Respublikasida qayd etilgan”, deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiya 2020 yilning 1 avgust kuni birinchilardan bo‘lib Rossiya bilan havo qatnovini qayta tiklagan edi.
Ayni vaqtda Rossiyaning Turkiya bilan havo qatnovini tiklashi ortida faqat koronavirus emas, balki siyosiy sabablar ham bo‘lishi mumkin. Boisi o‘tgan hafta Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiyaga tashrif buyurib, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot yakunlari bo‘yicha bayonot davomida Turkiya Qrimni Rossiyaning hududi deb tan olmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi