Rossiya tomoni Alisher Qodirovning viza rejimini joriy qilish taklifiga javob qaytardi
Olam
−
15:58
11306Avvalroq, O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov rus siyosatchilarining butun Markaziy Osiyo mintaqasini Rossiya bilan viza orqali kirish-chiqish qilish haqidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. Ushbu fikrga Rossiya Davlat Dumasining MDH masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin RTVI kanaliga bergan intervyusida munosabat bildirdi.
Zatulinning so‘zlariga ko‘ra, bunday g‘oyalar O‘zbekiston parlamenti va hukumatida tasdiqlanishi ehtimoldan yiroq, ammo ularning paydo bo‘lishi Rossiyaning sobiq ittifoq respublikalari bilan aloqalarini saqlab qolish uchun bir belgi hisoblanadi. Shuningdek, u migrantlarga nisbatan qattiqroq chora-tadbirlar muhokamalari blogosfera va ommaviy axborot vositalarida qayta aks etib, kutilmagan javoblarni keltirib chiqarayotganini qo‘shimcha qilgan.
“Bizning muhokamalarimiz ochiq holda olib borilmoqda va ular tabiiy ravishda blogosfera hamda OAVga chiqib ketmoqda. Bu esa, aslida, biz ham, ular ham manfaatdor bo‘lmagan aks ta’sirni keltirib chiqarmoqda”, dedi deputat.
Zatulinga ko‘ra, mazkur vaziyat migrantlar masalasi bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida yangi muhokamalarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday takliflarning uzoq muddatli ta’siri ham Rossiya, ham O‘zbekiston uchun muhim bo‘lishi mumkin. Bu kabi tashabbuslardan esa kimlardir foydalanishga urinmoqda.
“Bular o‘zimizning muhokamalarimiz nihollari, ular unib chiqmoqda. Agar biz nafaqat nutqlarni, balki harakatlarni ham shu ruhda davom ettirish niyatida bo‘lsak, unda oqibatlarga tayyor bo‘lishimiz kerak”, dedi Zatulin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi deputatlari rus tilini bilmaydigan muhojirlarning bolalarini maktablarga kiritishni taqiqlovchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgan edi.
LiveBarchasi