Rossiya parlamenti noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash qonunini qabul qildi
Olam
−
29 Oktabr
8046Bugun, 29 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi ikkinchi va uchinchi, yakuniy o‘qishda noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Tegishli hujjat qonunchilikni qo‘llab-quvvatlash tizimining veb-saytida e’lon qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, uyushgan guruh tomonidan noqonuniy migratsiyani tashkil qilish yoki Rossiya Federatsiyasi hududida og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sakkiz yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasida bunday jinoyat uchun 3 milliondan 5 million rublgacha jarima, shuningdek, muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qonun loyihasida hujjatlarni qalbakilashtirish, soxta hujjatlar yaratish yoki ulardan foydalanish, chet el fuqarolarini soxta ro‘yxatga olish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Bunday harakatlar ikki yildan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Davlat Dumasi yalpi majlisida migratsiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kirituvchi uchta qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullangandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham xorijiy fuqarolar Rossiya fuqarosi bilan ma’lum yillar davomida nikohda bo‘lgandan keyingina soddalashtirilgan tartibda vaqtinchalik yashash uchun ruxsat olishlari mumkinligini nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Moskva meri Sergey Sobyanin esa shaharda xorijlik migrantlar uchun patent narxi qariyb 20 foizga oshib, 2025 yilda uning narxi 8,9 ming rublni tashkil qilishini ma’lum qildi.