NATOga intilayotgan Finlyandiya Rossiyaning taqiqiga uchradi
Olam
−
14 may 2022
16242Rossiyaning “Inter RAO” kompaniyasining sho‘ba korxonasi bo‘lgan RAO Nordic Oy yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov qilinmagani sababli bugun, 14 maydan Finlyandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmoqda.
“Umid qilamizki, vaziyat tez orada hal bo‘ladi va Rossiya bilan elektr energiyasi savdosi qayta boshlanadi”, deyiladi RAO Nordic Oy bayonotida.
Finlyandiyaning Fingrid elektr tarmog‘i kompaniyasi vakillarining ta’kidlashicha, yetkazib berishning to‘xtatilishi foydalanuvchilar uchun uzilishlarga olib kelmaydi, chunki umumiy iste’molning atigi 10 foizi Rossiyadan keladi. Kamchilikni o‘z imkoniyatlari va Shvetsiyadan importni ko‘paytirish orqali qoplash mumkin.
Ma’lumot uchun, Finlyandiya NATOga intilishi ortidan Rossiya mamlakatga energiya resurslar yetkazib berishni to‘xtatishi mumkinligi aytilgandi. Biroq gap elektr emas, gaz eksporti haqida borgandi.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.
“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zoi bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.
LiveBarchasi