Rossiya naqd xorijiy valyuta sotib olishni biroz osonlashtirdi

Olam

image

Rossiya Markaziy banki valyuta birjasi orqali valyuta sotib olishda brokerlar uchun o‘rnatilgan 12 foizlik komissiyani bekor qildi. Bu haqda Rossiya bankining rasmiy sahifasida keltirilgan.

Qayd etilishicha, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Filipp Gabuniya imzolagan mazkur qaror joriy yilning 11 aprelidan boshlab kuchga kiradi. 

“Rossiya banki 2022 yil 11 apreldan chet el valyutasini brokerlar orqali sotib olish uchun avval 12 foiz qilib belgilangan komissiyani bekor qiladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 3 mart kuni Rossiya banki brokerlarga birjada chet el valyutasini (AQSH dollari, yevro va funt sterling) sotib olgan jismoniy shaxslardan komissiya undirishni buyurdi. Dastlab uning hajmi tranzaksiya summasining kamida 30 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 4 mart kuni 12 foizga pasaytirildi. Ammo, bu safar Markaziy bank komissiyani nafaqat jismoniy shaxslar, balki yuridik shaxslar uchun majburiy qildi. Regulyator o‘z qarorini joriy etilgan cheklov banklar va brokerlar o‘rtasidagi raqobat sharoitlarini tenglashtirishi bilan izohladi.

Rublning qulashi ortidan 9 mart kuni Rossiya banki naqd operatsiyalarni amalga oshirishning vaqtinchalik tartibini joriy qildi. Unga ko‘ra, 10 000 dollargacha bo‘lgan mablag‘ni xorijiy valyutadagi depozitlar yoki hisobvaraqlardan naqd pulda, qolganini rublda olish mumkin edi. Ammo 8 aprel kuni regulyator moliyaviy barqarorlik uchun xavflar  o‘sishi to‘xtaganini aytib, rejadan tashqari stavkani 17 foizga tushirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing