Rossiya xorijiy investorlarni o‘ziga ipsiz bog‘lamoqchi
Olam
−
01 mart 2022
20688Rossiya xorijiy investorlarning mamlakatdagi aktivlarini olib chiqib ketishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy qiladi. Bu haqida mamlakat Bosh vaziri Mixail Mishustin ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining bu bo‘yicha tegishli farmoni loyihasi tayyorlangan.
“Hozirgi sanksiyalar sharoitida xorijlik tadbirkorlar iqtisodiy omillarga emas, balki siyosiy bosim ostida qaror qabul qilishga majbur bo‘lmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlariga asosli qarorlar qabul qilish imkoniyatini berish uchun Rossiya aktivlaridan chiqishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etish bo‘yicha Prezident farmoni loyihasi tayyorlandi”, deydi Bosh vazir.
Mixail Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari hamon xorijlik investorlarni potensial hamkorlar deb biladi. Ular tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar mamlakatda juda xaridorgirdir.
“Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bozordan chiqish oson, ammo raqobatchilar allaqachon zich band bo‘lgan joyga qaytish ancha qiyin”, deya qo‘shimcha qildi Mishustin.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH va unga qo‘shilgan xorij davlatlari hamda xalqaro tashkilotlarning nodo‘stona xatti-harakatlari munosabati bilan maxsus iqtisodiy choralar qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi