Rossiya qo‘shinlarini LXR va DXR hududiga joylashtiradimi?
Olam
−
22 fevral 2022
7859Rossiya Prezidentini Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml tinchlikparvar kuchlarining LXR va DXR hududiga joylashtirilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi. Unga ko‘ra, bu qaror vaziyatdan kelib chiqib qabul qilinadi.
“Yo‘q, men bu ma’lumotni tasdiqlay olmayman. Men bu haqda hech narsa bilmayman. Rossiya qo‘shinlarining DXR va LXRga joylashtirish to‘g‘risidagi qaror vaziyatdan kelib chiqib, maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqib, Rossiya Prezidenti va respublikalar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi”, degan u.
Peskovning ta’kidlashicha, asosiy maqsad Ukraina qurolli kuchlari tomonidan doimiy ravishda provokatsiya va agressiv harakatlarga duchor bo‘layotgan LXR va DXR aholisining hayotini saqlab qolish va xavfsizligini ta’minlashdir.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Keyinroq Putin Tashqi ishlar vazirligiga DXR va LXR bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish, Mudofaa vazirligiga esa o‘z hududlarida tinchlik saqlanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Prezident farmonlaridan birining matnida ta’kidlanishicha, harbiy idoraga do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgunga qadar "Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari tomonidan Donetsk Xalq Respublikasi hududida tinchlikparvarlik funksiyalarini amalga oshirish” topshirilgan.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
AQSH bugun, 22 fevral kuni Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olgani uchun Rossiyaga nisbatan cheklov choralarini joriy qiladi.
LiveBarchasi