Rossiya qo‘shinlari Chernobil AESni egallab olishga harakat qilmoqda – Zelenskiy
Olam
−
24 fevral 2022 16499 2 daqiqa
Rossiya bosqinchi kuchlari Chernobil atom elektr stansiyasini egallab olishga harakat qilmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Twitter’da ma’lum qildi.
"Himoyachilarimiz 1986 yilgi fojia boshqa takrorlanmasligi uchun jonlarini berishmoqda. Bu butun Yevropaga urush e’lon qilishdir", deb yozadi u.
Ayni vaqtda Rossiya harbiy kuchlari Belarus hududidan Chernobil AES zonasiga kirgan. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
"Xavfsiz radioaktiv chiqindilar omborini qo‘riqlayotgan Milliy gvardiyachilar qattiq qarshilik ko‘rsatmoqda. Agar yadroviy chiqindilar ombori artilleriya zarbalari natijasida vayron bo‘lsa, radioaktiv chang Ukraina, Belarus va Yevropa Ittifoqi davlatlari hududlarini qamrab olishi mumkin", deydi u.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Live
Barchasi