Rossiya Qrim ko‘prigini qachon tiklashi aytildi

Olam

image

Rossiyani Qrim yarimoroli bilan bog‘lovchi Kerch ko‘prigini tiklash ishlari tergov tugaganidan so‘ng darhol boshlanadi. Bu haqda anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov ma’lum qildi.

“Bugun men Qrim ko‘prigidagi hodisa sabablarini aniqlash va favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi ishida ishtirok etaman. Zararni bartaraf etish va vayron qilinganlarni tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Tergov organlarining harakatlari tugaganidan so‘ng ish darhol boshlanadi”, deyiladi uning Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarda.

Hozircha aniq sanalar e’lon qilinmagan. Transport vazirligining ma’lum qilishicha, departament yetkazilgan zarar miqdorini baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida portlash yuz berdi va natijada poyezd sisternasida yong‘in chiqdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoiy ish ochdi.

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak hodisaga munosabat bildirib, bu boshlanishi ekanini, noqonuniy qurilgan barcha narsa yo‘q qilinishini ta’kidladi.

Qrim ko‘prigi Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, uning uzunligi 19 kilometrni tashkil qiladi. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan. 2019 yil dekabr oyida esa uning temir yo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qrim ko'prigi

Baholaganlar

572

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing