Rossiya Qozog‘istonni “firibgarlik”da aybladi
Olam
−
30 Oktabr
6951Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati (Rosselxoznadzor) Qozog‘istondan karantin ostidagi mahsulotlarni yetkazib berishning noqonuniy yo‘llarini aniqladi. Bu haqda Rosselxoznadzor matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Qozog‘iston agrosanoat majmuasidagi davlat inspeksiyasi qo‘mitasi Rossiyaga eksport qilish uchun fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirishda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanmaydigan 100 dan ortiq firmalarning rekvizitlaridan noqonuniy foydalangan.
Rosselxoznadzorning fikricha, Qozog‘istonning bu harakatlari soliqlardan qochish uchun qilingan. Noqonuniy harakatlar mamlakatlar o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tovar aylanmasining real emasligini ko‘rsatadi.
“Yaroqsiz hujjatlardan foydalangan holda ikki yil ichida Qozog‘iston 120 ming tonnadan ortiq o‘simlik mahsulotlarini olib kirdi. Umuman olganda, 260 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari belgilangan joylarda tekshirish uchun taqdim etilmagan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, bu borada Rosselxoznadzorga Rossiya korxonalaridan yuzdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
30 oktyabr kuni Rosselxoznadzor rahbariyati Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Yermek Kenjexanuli bilan aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan video aloqa formatida muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda. Rosselxoznadzor vakillarining ta’kidlashicha, Qozog‘iston tomoni Rossiya idorasi tomonidan yuborilgan 30 ta xatni javobsiz qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Qozog‘istonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) shartnomasidagi tranzit tashuvlari bo‘yicha yagona tariflardan foydalanish tamoyilini buzganlikda ayblagandi. Qozog‘iston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, tarif shartlarini o‘zgartirish iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlarni qoplash va temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish zarurati bilan bog‘liq. Bu o‘zgartirish YeOII shartnomasi hamda Qozog‘iston Respublikasi milliy qonunchiligiga zid emas. Shuningdek, Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati Qozog‘istondan bug‘doy, yasmiq, zig‘ir urug‘i, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va gullarni ham mamlakatga olib kirishga vaqtinchalik taqiq qo‘ygan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi
30 Oktabr