Rossiya Qozog‘istonni temiryo‘l tranziti tariflarini noqonuniy oshirishda aybladi
Olam
−
29 Oktabr
2932Rossiya Qozog‘istonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) shartnomasidagi tranzit tashuvlari bo‘yicha yagona tariflardan foydalanish tamoyilini buzganlikda ayblamoqda. Bu haqda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning 25-majlisi bayonnomasiga tayanib, “KazTag” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, komissiya Qozog‘iston hududi orqali yuklarni temiryo‘l transporti orqali tashish tariflarining oshishi tufayli tashish hajmining qisqarishi xavfi mavjudligi haqida Rossiya tomonidan bildirilgan axborotni qabul qilgan.
Qozog‘iston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, tarif shartlarini o‘zgartirish iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlarni qoplash va temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish zarurati bilan bog‘liq. Bu o‘zgartirish YeOII shartnomasi hamda Qozog‘iston Respublikasi milliy qonunchiligiga zid emas.
“Qozog‘iston Respublikasining milliy qonunchiligiga muvofiq, “Qozog‘iston temiryo‘llari” AJ ayrim stansiyalarida yuk tashish uchun tariflar darajasini narxlar chegarasida o‘zgartirish huquqiga ega. Tarif darajasini narxlar chegarasida o‘zgartirish Qozog‘iston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonuni asosida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, “Qozog‘iston temiryo‘llari” AJ tomonidan 2024 yil 16 apreldan boshlab ayrim yuklar uchun infratuzilma bo‘yicha tariflar darajasining o‘zgarishi “Rossiya temiryo‘llari” AJ tariflari darajasidan oshmaydi”, deyiladi Qozog‘iston tomoni bayonnomasida.
Rossiya tomonining ta’kidlanishicha, YeOII shartnomasi YeOII davlatlarining tarif tizimlari o‘rtasida majburiy moslikni talab qilmaydi. YeOII shartnomasiga muvofiq, a’zo davlatlar iste’molchilarining har bir a’zo davlat hududi bo‘ylab temiryo‘l transporti xizmatlaridan foydalanishini ta’minlash a’zo davlatlarning iste’molchilariga yaratilgan sharoitlardan kam bo‘lmagan holda amalga oshirilishi kerak.
Shu bilan birga, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining ichki bozorlar faoliyati departamenti tomonidan ushbu masalani ko‘rib chiqish natijasida Qozog‘iston tomonining temiryo‘l tariflariga narx chegaralarini qo‘llash bo‘yicha YeOII shartnomasiga zid harakatlar aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati Qozog‘istondan bug‘doy, yasmiq, zig‘ir urug‘i va gullarni mamlakatga olib kirishga vaqtinchalik taqiq qo‘ygan edi.