Rossiya qirg‘izistonliklar dam olayotgan hammomni tekshirish sababini tushuntirdi
Olam
−
18 aprel
11471Avvalroq, Rossiyaning Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki (OMON) migrantlarga qarshi reyd o‘tkazib, migrantlar yarim yalang‘och holatda emaklab yurishga majburlangan, ularning aksariyati yuzi yerga yuztuban holda yotqizilgandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hammom majmuasini rejali tekshirish hech bir mamlakat fuqarolariga qaratilmaganini bildirdi. Bu haqda vazirlik bayonotiga tayanib, TASS xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, poytaxt Moskvaning Timiryazevskiy tumanidagi jamoat binolarini, shu jumladan qirg‘izistonliklar dam olayotgan hammom majmuasini rejali tekshirish aynan qaysidir bir davlat rezidentlariga qaratilmagan. Tadbirda xorijliklarning deyarli yarmi Rossiyada noqonuniy bo‘lgani aniqlangan.
Bayonotda so‘roq qilish uchun huquq-tartibot idoralariga olib borilgan 59 nafar chet el fuqarosidan 25 nafari mamlakatda immigratsiya qonunchiligini buzgani aytilgan. Shu sababli ular qonun doirasida javobgarlikka tortilishi ma’lum qilingan. Ayrimlar radikal guruhlarga mansublikda gumon qilinmoqda.
“Rossiya tomoni afsus bilan qayd etib o‘tilgan xorijliklar tomonidan Rossiya Federatsiyasi qonunlariga e’tiborsizlik, jamiyatimiz va davlatimizga qarshilik ko‘rsatish istagi borligini ta’kidlaydi”, degan diplomatik idora vakili.
TIV, shuningdek, hibsga olish jarayoni aks etgan videolarga izoh berar ekan, operatsiya davomida chet el fuqarolari huquq-tartibot idoralarining xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani, shu sababli ushbu xorijliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilganini bildirgan.
“Bizning xavfsizlik idoralarimiz xodimlari Rossiya qonunchiligiga muvofiq mavjud vakolatlar doirasida harakat qilgan”, deydi vazirlik.
Ma’lumot uchun, ushbu tekshiruv joriy yilning 10 aprel kuni yuz bergan. Mahalliy aholi vakillari migrantlar rus millatiga mansub kishilarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganidan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng vaziyatga huquq-tartibot idoralari aralashgan. “Readovka” manbasiga ko‘ra, bir nechta migrantlarga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “mamlakatga kirish va unda bo‘lish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Migrantlarning norasmiy rahbari esa hozirda tekshiruv ostida bo‘lib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining “noqonuniy migratsiyani tashkil etish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, mazkur hammomga O‘zbekiston va Qirg‘izistondan migrantlar ko‘p tashrif buyurgan.
14 aprel kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Moskvadagi hammomda fuqarolar tahqirlangani yuzasidan Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Vazirlik tomonidan voqea bo‘yicha o‘rganish olib borib, kuch ishlatish asossiz bo‘lgan taqdirda, ushbu hodisa bo‘yicha Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish so‘ralgandi va rasmiy nota topshirilgandi.
15 aprel kuni Qirg‘iziston migrantlarning tahqirlanishi bo‘yicha Rossiyaga nota berishi ortidan o‘zbekistonlik deputatlar ham Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishi borasida parlament so‘rovi yubordi.
LiveBarchasi