Tashqi ishlar vaziriga xorijdagi o‘zbekistonliklar himoyasi bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov ma’lum qildi.

“Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborildi”, deb yozdi deputat.

Shuni aytish o‘rinliki, ko‘p holatlarda Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning jinoyat qurboni bo‘lishi, o‘ldirib ketilishi yoki baxtsiz hodisa sabab vafot etishi bilan bog‘liq holatlarga munosabat bermaydi, ularning jasadi vatanga qanday olib kelinishiga ham to‘xtalmaydi. Odamlar yaqinlari vafot etsa, ularning jasadini O‘zbekistonga qanday qaytarish yo‘llarini hamon aniq bilmaydi. 

Qolaversa, TIV xorijiy mamlakatlarda, ayniqsa, Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan nomaqbul harakatlar, qo‘pol muomalalarga ham miq etmay keladi. 

Shuningdek, o‘zbekistonliklarning xorijiy mamlakatlarda jinoyat sodir etishi va jazoga tortilishi bilan bog‘liq vaziyatlar ham TIV nazaridan chetda qoladi. Bunga yaqqol misol BAAda yahudiy ravvinning o‘ldirilishida 3 o‘zbekistonlikning ayblanishi va o‘lim jazosiga hukm qilinishidir. TIV vakillari rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bo‘lmasa-da jurnalistlarning so‘rovlariga javoban og‘zaki ravishda ushbu jinoyatda o‘zbekistonliklar ayblanayotganini tasdiqlagan.

Odatda TIV voqea va hodisalarga aniqlik kiritib, batafsil ma’lumot beriladi, qabilidagi bayonotlar bilan cheklanadi. Biroq aniqlik kiritilmagan masalalar anchani tashkil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Tashqi ishlar vazirligi Baxtiyor Saidov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing