Rossiya Qirg‘iziston va Tojikistonga “yarash oshini pishirish”ni taklif qildi
Olam
−
14 Sentabr 2022
7844Rossiya Federatsiyasi Qirg‘iziston va Tojikistonni chegaradagi vaziyatni normallashtirish va provokatsiyalarning oldini olish choralarini ko‘rishga chaqiradi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning bugun, 14 sentyabr kuni tarqatilgan bayonotida aytiladi.
“Rossiya tomoni qirg‘iz-tojik chegarasida 14 sentyabr kuni ertalab chegarachilar o‘rtasidagi otishma oqibatida yana keskinlashgan vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari o‘rtasidagi mavjud kelishuvlarni hisobga olgan holda, biz har ikki tomonni vaziyatni siyosiy-diplomatik maydonga qaytarish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga va har qanday provokatsiyani birgalikda bostirishga chaqiramiz”, deydi diplomat.
Shu bilan birga, u, Moskva tomonlarga chegara masalalariga uzoq muddatli yechim topishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.
“Rossiyaning chegaralarni belgilash, jumladan, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilar bilan bo‘lgan boy tajribasidan foydalangan holda, tomonlarga chegara masalalari bo‘yicha uzoq muddatli o‘zaro maqbul yechimga erishishda ko‘maklashishga tayyorligimizni bildiramiz”, deya xulosa qildi Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 14 sentyabr kuni qirg‘iz-tojik chegarasida bir necha otishmalar yuz berdi.
Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegaraning belgilanmagan qismiga ham kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan.
To‘qnashuvda Qirg‘izistonning ikki, Tojikistonning olti nafar fuqarosi jarohatlandi va tojik tomonining ikki harbiysi qurbon bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 980 km dan oshadi, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin uning o‘nlab bahsli uchastkalari saqlanib qolgan. Hozirgacha ikki davlat o‘rtasidagi 660 km dan ortiq masofa aniqlanib, delimitatsiya va demarkatsiya jarayonida kelishib olingan. Ayrim hududlarda vaqti-vaqti bilan chegaradosh hududlarning mahalliy aholisi o‘rtasida kelishmovchilik va nizolar kelib chiqadi.
LiveBarchasi