Rossiya qanday fikrda? Sergey Shoygu Afg‘onistondagi vaziyatga baho berdi
Olam
−
23 iyun 2021
35762Afg‘onistondagi vaziyatni yechish uchun tezkor choralar ko‘rish va xalqaro hamjamiyatni jalb qilish talab qilinadi. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri Sergey Shoygu mintaqada yuzaga kelgan keskinlikka shunday munosabat bildirdi.
“Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida, shuningdek yangi sharoitlarda tashkilot a’zolarining mudofaa qobiliyatini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi”, degan Shoygu Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva konferensiyasida.
Shoygu mavjud keskinlikni bartaraf qilish uchun Afg‘oniston bilan chegaradosh barcha davlatlar, shu jumladan Pokiston va Eron vakillari Shanxay Hamkorlik Tashkilotining imkoniyatlaridan foydalanish zarurligini ta’kidladi.
“Islomobod va Tehron bilan o‘zaro aloqasiz “afg‘on nizosi”ni yechib bo‘lmaydi”, degan RF Mudofaa vaziri.
Shoygu nutqi davomida NATO 20 yil davomida Afg‘onistonda natijaga erisha olmaganini ta’kidlab, alyans ketishi ortidan esa mamlakatda fuqarolik urushi boshlanishi mumkinligini aytib o‘tgan.
“Afg‘onistondagi voqealar rivoji qo‘shni davlatlarning ham, xalqaro tashkilotlarning ham jiddiy diqqat-e’tiborini talab qiladi. Shuni tan olish kerakki, 20 yil davomida mamlakatda G‘arb alyansining muhim harbiy qismi bo‘lganiga qaramay, barqarorlashtirish va davlat boshqaruvchining mustahkam tuzilmalarini shakllantirishga erishilmadi”, degan Shoygu.
RF Mudofaa vaziri NATO kuchlari Afg‘onistonni tark etishi bilan fuqarolik urushi qayta boshlanishi va mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Xususan, hozirgi keskinlik kelgusida hayotning yanada og‘irlashishiga, ommaviy migratsiya va eng yomoni ekstremizmning qo‘shni davlatlarga ham tarqalishiga olib kelishi mumkin.
Faollashib qolgan “Tolibon”
Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. Postni qo‘riqlagan afg‘on askarlari Tojikistonga qochib o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida, Sherxon-Bandar bojxona posti — Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi muhim savdo va qayta yuklash punkti, u orqali Tojikistonning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan, shu jumladan Pokiston hamda Erondan keladigan yuklari o‘tadi.
Joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, Afg‘onistonning 50 foizini (34 ta provinsiyaning 17 tasi) “Tolibon” harakati nazorat qilmoqda.
So‘nggi bir oy ichida u “Tolibon” kuchlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Faryob, Juzjon va Sari-Pul hududlarida kurash olib borgandi.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod, Qaysar va Ghor provinsiyasining Shahrek hamda Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi