O‘zbekiston “Tolibon”ning “kaprizi”ga chidashga majburmi?

Tahlil

Joriy yilning 14 oktyabr kuni “Tolibon” vakillari O‘zbekistondan Termizdagi umumiy bozorda konsert va musiqiy dasturlarni bekor qilishni so‘ragani, aks holda Afg‘oniston fuqarolariga ushbu umumiy bozorga kirishga ruxsat etilmasligi haqida xabar tarqaldi. Ammo ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabarlarni rad etib chiqdi. 

Vazirlikka ko‘ra, Afg‘oniston tomonidan bunday xarakterdagi hech qanday murojaatlar O‘zbekiston tomoniga kelib tushmagan. 

Biroq BBC’ning o‘zbek xizmati “Tolibon” vakillarining aniq shunday so‘rov yuborgani haqida ishonchli manbalariga tayanib axborot berishda davom etdi.

Xullas, bu mavzu noaniqligicha qoldi. “Tolibon” Termizda musiqani cheklamoqchimi, O‘zbekiston bunga rozimi, yo‘qmi aniq emas. Xuddi O‘zbekiston va “Tolibon” hukumati o‘rtasidagi boshqa bir noaniqliklar kabi. “Tolibon”ning Toshkentdagi elchilari noaniq sabablarga ko‘ra ketma-ket almashgani kabi. 

Bugun esa QALAMPIR.UZ ushbu noaniqliklar haqida aniq fikrlar eshitmoqchi. O‘zbekistonning “Tolibon” bilan so‘nggi paytlardagi siyosati haqida  afg‘onshunos Hamza Boltayev bilan suhbatlashamiz.

1.O‘zi umuman Termiz bozorining ahamiyati qanday? 

“Avvalo, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalishdan oldin, shuni ta’kidlash joizki, “Tolibon” 2021 yilning avgustida hokimiyat tepasiga kelgan bo‘lsa, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan siyosatda ham, hamkorlikda ham pragmatizm yo‘lini tanlagan. Nafaqat biz, balki butun dunyo “Tolibon” hukumatini tan olmagan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, biz qo‘shni davlatmiz, manfaatlarimiz tutashadigan nuqtalari ko‘p bo‘lganligi sababli “Tolibon” va O‘zbekiston rasmiy vakillari orasida rasmiy va pragmatik munosabatlarning har qanday siyosiylashgan bo‘lishidan  tashqari bo‘lib turishi maqsadga muvofiq. Masalan, iqtisodiy munosabatlar, gumanitar va madaniy munosabatlar shakllanishi juda katta ahamiyatga ega. Shu munosabatlarning shakllanishi uchun ilk qadam bu hozirgi kunda to‘liq ishga tushirilgan Termiz shahridagi savdo kompleksi hisoblanadi va unda afg‘on fuqarolari yaqinda cheklangan muddatda shu savdo kompleksida vizasiz tadbirkorlik faoliyatlarini amalga oshirishlari mumkin. Bu juda yaxshi chora-tadbirlar deb o‘ylayman va buni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki bu savdo kompleksi ikki xalq o‘rtasida iliq munosabatlar kuchayishiga va siyosatchilar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarni bora-bora yaxshilashga olib keladi”, deydi afg‘onshunos Hamza Boltayev.

2. Yaqinda afg‘on nashrlari “Tolibon” Termizdagi bozorda musiqa qo‘ymaslikka chaqirgani haqida yozishdi. Bu chaqiruv “Tolibon” manfaatiga xizmat qiladimi? 

“Bu xabarni bergan nashrlar hech qanday rasmiy manba ko‘rsatmagan va bu xabarlarni Afg‘oniston vakillari hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham haqiqatdan yiroqligini ta’kidlagan. Afg‘onistonning musiqa masalasidagi qarashlariga keladigan bo‘lsak, bunaqa masalalarda ikki mamlakat ham o‘z manfaatlarini inobatga olgan holda harakat qilish eng dono yo‘l deb hisoblayman. Keyingi masalada Afg‘oniston musiqalarni cheklashi emas, balki musiqiy tadbirlar va konsertlar bo‘lishiga e’tiroz bildirgan. Bu “Tolibon” manfaatiga xizmat qilmaydi.Chunki endi yuzaga kelayotgan munosabatlarning, shakllanayotgan hamkorliklarning buzilishidan hamda sovuqlashuvidan ikki davlat ham manfaatdor emas”, deb javob berdi afg‘onshunos.

3. Tolibonning bu chaqirig‘iga nisbatan boshqa davlatlardan ko‘ra ko‘proq “quchoq ochayotgan” O‘zbekiston qanday javob qaytarishi kerak? 

“Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston orasidagi munosabatlarning siyosati shundan iboratki, ular orasida integratsiya jarayonlarini kuchaytirish kerak. Bu bizning asosiy maqsadlarimizdan biri.  Integratsiya jarayonida mamlakatlar bir-biri bilan raqobatlashishi va bahslashishiga istisno qilish kerak, aksincha raqobatdan ko‘ra ular bilan hamkorlik qilish kerak. Markaziy Osiyo mamlakatlarini ko‘radigan bo‘lsak, ular ham Afg‘oniston bilan munosabatlarini yaxshilab olyapti. Buni Afg‘oniston elchisini yaqin sharq mamlakatlariga rasmiy bayonot bilan kelganda  barcha davlatlar iliq kutib olganligidan ham bilish mumkin”.

4. Muvaqqat hukumat agar bozorda konsert va musiqiy dasturlarni bekor qilmasa, Afg‘oniston fuqarolariga ushbu umumiy bozorga kirishga ruxsat etilmasligini aytishgan. Xo‘sh, bunday kim ko‘proq ziyon ko‘radi? 

“Ikkala tomon ham ziyon ko‘radi. Chunki O‘zbekiston atrofidagi qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishdan manfaatdor. Prezidentimiz BMTda so‘zlagan nutqida ham O‘zbekiston Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning bir qismi deb bilishini ta’kidlagan edi. Bu so‘zlarning dalili sifatida mana shu savdo kompleksining shakllanishida ko‘rishimiz mumkin”, dedi Hamza Boltayev.

 5. So‘nggi paytlarda “Tolibon”ning O‘zbekiston bilan siyosatida ayrim tushunmovchiliklar kuzatilmoqda. Muvaqqat hukumat Toshkentdagi o‘z elchisini bir necha marta o‘zgartirdi va buning sabablari noma’lum. Sizda buni izohlash uchun qandaydir taxminlar bormi? 

“Bu savolga Boltayev: O‘zbekiston va “Tolibon” o‘rtasidagi munosabatlar tarixiga qaraydigan bo‘lsak, yildan-yilga mustahkamlanib boryapti. O‘tgan yilda esa Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Afg‘onistondagi tashrifida ikki davlat iqtisodiy, savdo-sotiq ishlarini 3 milliardga chiqarish mumkinligi haqidagi gaplar tarqalgan va bayonot berilgandi. Bu voqeadan so‘ng Afg‘onistondagi eng yuqori martabali shaxs sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning tashrifi deb qaralgandi. Bundan, albatta, bilish mumkin O‘zbekiston bayonot berish bilan cheklanib qolmasdan, Afg‘oniston bilan hamkorlik qilinyapti, buni transport yo‘llar qurish orqali dengiz portlariga chiqayotganligidan va “Qo‘shtepa” kanali qurilishidan ham bilish mumkin”, deb javob berdi.

6. Noaniqlik tushunchasini nafaqat “Tolibon”da balki, azal-azaldan O‘zbekiston hukumatiga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Ya’ni O‘zbekiston bugun “Tolibon” hukumatini, Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan olganmi? 

“O‘zbekiston “Tolibon” hukumatining rasman tan olgan yoki olmaganligi bu eng katta masala emas, balki eng katta masala hamkorlik va ikki mamlakatning pragmatizm soyaboni ostida yanada rivojlanishi. Rasman tan olinganligi va olinmaganligi kerak, albatta, chunki rasman tan olinmagan siyosiy kuch bilan hamkorlik qilish kutilgan natijalarni bermasligi mumkin. Lekin bugungi maqsadlarimizga erishish uchun rasman tan olingan yoki olinmaganligini bahona qilib, hamkorlikni uza olmaymiz”, deya javob berdi afg‘onshunos.

Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Afg‘oniston elchixonasini “Tolibon” diplomatlariga topshirgan edi. O‘shanda “Tolibon” tomonidan Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga elchi etib tayinlangan Mug‘furulloh Shahob oldingi hukumat davrida elchilikka tayinlangan Ahmad Xolid Ilmiyning o‘rnini egallagan. Biroq aprel oyida Mug‘furulloh Shahob o‘rniga Abdul G‘affor Teraviy elchi etib tayinlandi. Avgust oyida esa “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vazirligining uchinchi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliy Afg‘onistonning O‘zbekistondagi rasmiy elchisi sifatida Abdul G‘affor Teraviy tanishtirilganini aytdi.

Jasmina Rasulova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston Termiz Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing