Zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirish majburiyatini oldik – Prezident  

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda bugun, 5 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ma’lum qildi.

“Yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik, ya’ni 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik”, dedi Prezident. 

Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “ICRAFT” loyihasi boshlandi. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini amalga oshirishga kirishildi. 

Shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning soni 100 taga yetkaziladi. 

Prezident qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklik mustahkamlanganini ham qayd etdi. 

“Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz. 

Shu o‘rinda, Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil yo‘lak” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etmoqchiman”, dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston Prezidenti ramziy dastakni bosib, 42 ta energetika ob’ektini ishga tushirdi va 21 ta yangi loyiha qurilishini boshlab berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing