“Tolibon” Termizda musiqani cheklash bo‘yicha bizga hech qanday so‘rov jo‘natmadi – O‘zbekiston TIV
Jamiyat
−
14 Oktabr
8587
Avvalroq, “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari O‘zbekistondan Termizdagi umumiy bozorda konsert va musiqiy dasturlarni bekor qilishni so‘ragani, aks holda Afg‘oniston fuqarolariga ushbu umumiy bozorga kirishga ruxsat etilmasligi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabarlarni rad etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Afg‘oniston tomonidan bunday xarakterdagi hech qanday murojaatlar kelib tushmagan. Shu sababli Tashqi ishlar vazirligi afg‘on nashrlaridan yolg‘on axborotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Termiz shahar hokimligi Axborot xizmati bilan ham bog‘landi. Shahar matbuot kotibi Aziza Qosimovaning ma’lum qilishicha, bozor hududida afg‘onistonlik va o‘zbekistonlik fuqarolar erkin savdo qilishadi va shu vaqtga qadar afg‘on savdogarlari va xaridorlaridan musiqa va konsertlar borasida e’tirozlar bildirilmagan.
Ma’lumot uchun, avgust oyida Surxondaryo viloyatida Termiz xalqaro savdo markazi o‘z ishini boshladi. Kelishuvga ko‘ra, Afg‘oniston fuqarolari ushbu bozorda vizasiz 15 kun davomida qolib, sayohat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston “Tolibon”ni inklyuziv hukumat yaratishga chaqirgandi.
LiveBarchasi