Rossiya bosqiniga uchragan Kiyev Anqaraga iltimos bilan chiqdi

Olam

image

Rasmiy Kiyev Ukrainadagi vaziyat keskinlashgan taqdirda Turkiyadan Rossiya kemalari uchun Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlarini yopishni so‘radi. Bu haqda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bondar ma’lum qilgan.

Vasiliy Bondarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining kemalari Kiyev uchun “katta xavf” tug‘dirmoqda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina “tomonlar o‘rtasida maslahatlashuv usullaridan tortib, mintaqadagi xavfsizlik tahdidlariga javob berishning umumiy mexanizmini yaratishgacha bo‘lgan qator tashabbuslarni” taklif qilgan.

Bundan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO davlatlari yetakchilari Ukraina-Rossiya munosabatlaridagi inqirozni yumshatish uchun jiddiy choralar ko‘rmaganini aytgandi.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi. 

Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. 

So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqdaligi ma’lum qilindi.

Ukraina havo hududi yo‘lovchi havo kemalari qatnovlari uchun yopilishi munosabati bilan “Uzbekistan Airways” AJ Kiyevga parvozlarni bekor qildi.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi. 

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi. 

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi. 

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

750

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing