Rim papasi Putinni Ukrainada tinchlikka chaqirdi
Olam
−
05 iyun 2025 3407 2 daqiqa
Rim papasi Leo XIV Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukrainada “tinchlikka yordam beradigan ishora” qilishga chaqirdi. Ularning telefon orqali suhbati haqidagi xabar kecha, 4 iyun kuni Kreml veb-sayti va Vatikan yangiliklar portalida chop etildi.
Vatikan xabar berishicha, pontifik Ukrainada “tomonlar o‘rtasida ijobiy aloqalar o‘rnatish va mojaroga yechim topish uchun muloqot muhimligini ta’kidlagan”. Bayonotda aytilishicha, Putin va Leo XIV, shuningdek, papa elchisi kardinal Matteo Zuppining sa’y-harakatlariga asoslanib, gumanitar vaziyat, yordam va mahbuslar almashinuvini muhokama qilgan.
“Rim papasi Leo Patriarx Kirilni eslab, unga pontifikligining boshida kelgan tabriklari uchun minnatdorlik bildirdi va umumiy nasroniy qadriyatlari tinchlikni izlash, hayotni himoya qilish va haqiqiy diniy erkinlikka erishishga yordam beradigan nurga aylanishi mumkinligini ta’kidladi”, dedi Vatikan matbuot xizmati rahbari Matteo Bruni.
Kreml matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Putin siyosiy va diplomatik yo‘llar orqali tinchlikka erishishdan manfaatdor ekanini tasdiqlab, inqirozni yakuniy, adolatli va har tomonlama hal qilish uchun uning asosiy sabablarini bartaraf etish zarurligini ta’kidlagan.
Bayonotga ko‘ra, Rossiya Prezidenti pontifikni Istanbuldagi so‘nggi muzokaralar haqida xabardor qilgan, harbiy asirlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashish, shuningdek, ukrainalik bolalarni oilalari bilan birlashtirish haqida gapirgan.
“Pontifikga inqirozni hal qilishda yordam berishga tayyorligi, xususan, Vatikanning dolzarb gumanitar muammolarni hal qilishda siyosatsizlashtirilgan asosda ishtirok etgani uchun minnatdorchilik bildirildi”, deya qo‘shimcha qildi Kreml.
Qayd etilishicha, Putin Rim papasi bilan Ukrainadagi Moskva Patriarxiyasi rus pravoslav cherkovi taqdirini ham muhokama qilgan.
“Muqaddas taxt Ukrainada diniy erkinlikni qo‘llab-quvvatlashda faolroq bo‘lishiga umid bildirildi”, deyiladi Kreml matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 12 may kuni Rim-katolik cherkovi rahbari etib saylanganidan to‘rt kun o‘tib, Leo XIV Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashgandi. Prezident ukrainalik bolalarni Rossiya Federatsiyasidan qaytarishda pontifikdan yordam so‘radi va uni Ukrainaga taklif qildi.
18 may kuni, taxtga o‘tirganidan so‘ng darhol Leo XIV Vatikanda Zelenskiy bilan uchrashib, “Ukraina uchun adolatli va mustahkam tinchlik bo‘lishini” tiladi.