4-qo‘ng‘iroq. Tramp va Putin “O‘rgimchak to‘ri”ni muhokama qildi
Olam
−
04 iyun 11128 2 daqiqa
Bugun, 4 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi va unda Ukraina tomonidan Rossiyadagi aerodromlarga uyushtirilgan hujumlarni muhokama qildi. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning yozishicha, ular Ukraina mojarosini tartibga solish va Rossiya harbiy aerodromlariga qilingan hujumlarni muhokama qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat samarali bo‘lgan va taxminan 1 soat 15 daqiqa davom etgan.
“Bu yaxshi suhbat bo‘ldi, lekin zudlik bilan tinchlikka olib keladigan suhbat emas”, deya yozgan Tramp.
Oq uy rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Vladimir Putin unga “yaqinda aerodromlarga qilingan hujumga javob berishga to‘g‘ri kelishini” bildirgan.
“Putin Ukrainaning yaqinda Rossiya aerodromlariga uyushtirgan hujumiga javob berishga majbur bo‘lishini juda qat’iy qilib aytdi”, deya yozgan AQSH rahbari.
Qolaversa, Amerika Prezidenti suhbat davomida tomonlar Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilganini yozgan.
“Putin Eron bilan muzokaralarda ishtirok etishni taklif qildi va bu masalani tezroq hal qilishda yordam berishi mumkinligini aytdi”, deya bildirgan AQSH rahbari.
Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri”
Ukraina 1 iyun kuni Rossiya harbiy aerodromlariga uchuvchisiz dronlar yordamida amalga oshirilgan yirik hujum – “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy murojaatida operatsiyasida ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirdi. Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi davomida Rossiya strategik aviatsiya samolyotlarining 34 foizi zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar ko‘rgan samolyotning taxminiy umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan. Operatsiya bir yarim yil davomida tayyorlangan.
Zelenskiyning pozitsiyasi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga yetkazilgan yo‘qotishlar va ularning harbiy salohiyatining kamayishi mamlakatni chinakam diplomatiyaga qaytishga majbur qilishi kerak, deb hisoblaydi. Buni u “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasidan keyin bergan bayonotida ham aytib o‘tdi.
“Yevropa va AQSH Rossiyaga qaraganda yaxshiroq qurollarga ega. Shuningdek, bizda kuchliroq taktik qarorlar bor. Bizning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyamiz buni isbotladi. Rossiya yo‘qotishlar nimani anglatishini tushunishi kerak. Aynan mana shu uni diplomatiyaga undaydi”, degan Zelenskiy.
Xullas, Zelenskiy tomonidan abjirona tayyorlangan “O‘rgimchak to‘ri” o‘z vazifasini o‘tadi. Ukraina Rossiyaga qisman bo‘lsa-da, yo‘qotishlar nima ekanini sezdirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr