Zelenskiy Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlamoqchi
Olam
−
02 iyun 14915 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga yetkazilgan yo‘qotishlar va ularning harbiy salohiyatining kamayishi mamlakatni chinakam diplomatiyaga qaytishga majbur qilishi kerak, deb hisoblamoqda. Bu haqda u Litvaning Vilnyus shahrida bo‘lib o‘tgan “Buxarest to‘qqizligi” sammitida so‘z ochdi.
“Bu ayni bir o‘ziga xos davr. Bir tomondan, Rossiya yozgi hujumini boshladi, biroq boshqa tomondan – u diplomatiyada ishtirok etishga majbur. Bu esa bir vaqtning o‘zida ham chaqiriq, ham imkoniyat. Bu urushni yakunlash uchun imkon”, degan Zelenskiy.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun eng asosiy ustuvor vazifa – o‘z mudofaasini mustahkamlash. U, xususan, harbiy yordam paketlari va Ukraina hamda ittifoqchi davlatlarda qurol ishlab chiqarishga investitsiyalar uchun minnatdorlik bildirgan.
“Yevropa va AQSH Rossiyaga qaraganda yaxshiroq qurollarga ega. Shuningdek, bizda kuchliroq taktik qarorlar bor. Bizning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyamiz buni isbotladi. Rossiya yo‘qotishlar nimani anglatishini tushunishi kerak. Aynan mana shu uni diplomatiyaga undaydi”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, u Rossiyaning harbiy yo‘qotishlari faqat Ukrainani emas, balki butun Yevropani himoya qilishini ta’kidlagan.
“Razvedkalaringizdan so‘rang – Rossiya bu yozda Belarusda nima rejalashtiryapti? Agar ular u yerdan hujumlarga tayyor bo‘lishga jur’at qilayotgan bo‘lsa, demak, biz birgalikda kuchimizni oshirishimiz kerak”, degan Ukraina rahbari.
Shuningdek, Zelenskiy Ukraina urushni to‘xtatish va uning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuchaytirilishi zarurligini aytgan. U qurol ishlab chiqarish muhimligini alohida urg‘ulagan.
“Ukraina o‘z ehtiyojining 40 foizini ichki qurol ishlab chiqarish orqali qoplashga qodir. Biroq bu barqaror moliyalashtirishni talab qiladi”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, u “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi ayniqsa dronlar ishlab chiqarishga qilingan sarmoyaning qanday natija berishini ochiq ko‘rsatganini aytib o‘tgan.
“Biz zudlik bilan havo hujumidan mudofaa tizimlarini, ayniqsa Patriot komplekslari va ularga raketalarni kuchaytirishimiz kerak. Bu borada qarorlar zarur”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Ukrainaning yirik operatsiyasi
Ukraina kecha, 1 iyun kuni Rossiya harbiy aerodromlariga uchuvchisiz uchoq yordamida amalga oshirilgan yirik hujum – “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 1 iyun kuni kechki murojaatida operatsiyasida ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirdi.
Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu operatsiya natijasida zarar ko‘rgan samolyotning taxminiy umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan.
“Deutsche Welle” manbasiga ko‘ra, Irkutsk viloyatidagi Belaya, Ryazan viloyatidagi Dyagilevo, Murmansk viloyatidagi Olenya va Ivanovo viloyatidagi Ivanovo aviabazasiga hujum qilingan. Zarar ko‘rgan samolyotlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlashning iloji yo‘q.
Rossiya Mudofaa vazirligi to‘rtta hududdagi, shuningdek, Amur viloyatidagi aerodromlarga hujum qilinganini tasdiqlagan. Rossiya harbiylariga ko‘ra, hujumlar Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlarida qaytarilgan. Murmansk va Irkutsk viloyatlarida “bir nechta samolyot bo‘linmalari yonib ketgan”.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr