Respublika pediatriya markazi yangi virusga chalingan bolalar bilan to‘ldimi?
Salomatlik
−
06 yanvar
10823Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi bemor bolalar bilan to‘lgani, ularning bir qismi yangi virusga chalingani aytilgan xabarlar tarqalmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi bolalarning metapnevmovirusga chalingani xususidagi ma’lumotlar mutlaqo asossiz.
Bildirilishicha, Yangi yil arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jami beshta — Chaqaloqlarni parvarish qilish, Chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi, Gepatologiya, Nefrologiya hamda Umumiy pediatriya bo‘limlarida profilaktik yuvish-tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan. Mazkur bo‘limlarning barchasi bugun, 6 yanvar kunidan qayta ochilgan va bu holat bemorlar oqimi nisbatan ortishiga sabab bo‘lgan.
"Qolaversa, markaz ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda qayd etilgan yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilish va davolashga ixtisoslashtirilmagan. Shunday ekan, Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan turli asossiz va tekshirilmagan xabarlar tarqatmaslikni so‘raydi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda ham ayni vaqtda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilayotgani, respublikada ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinayotgani va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlanganini ma’lum qilgandi.