Ebolani yuqtirganlar soni keskin ortdi
Olam
−
11:57 521 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan tasdiqlangan kasallanish holatlari 7 022 taga yetdi. Virus mamlakatning yettinchi viloyati – Janubiy Ubangiga ham tarqaldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiya oqibatida vafot etganlar soni 3 398 nafarga yetgan. Kasallanish holatlari mamlakatning 7 ta viloyatida qayd etilgan.
Ushbu epidemiyaga Ebolaning Bundibugyo turi sabab bo‘lmoqda. U Kongo tarixidagi 2018–2020 yillardagi epidemiyadan oshib, mamlakatdagi eng yirik va eng ko‘p o‘limga olib kelgan Ebola epidemiyasiga aylangan.
Hozirgi epidemiya ko‘lami bo‘yicha 2014–2016 yillarda Gvineya, Liberiya va Serra-Leoneda kuzatilgan G‘arbiy Afrikadagi Ebola epidemiyasidan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. O‘sha epidemiyada 28 600 dan ortiq kishi kasallangan, 11 mingdan ziyod odam vafot etgandi.
Janubiy Ubangi viloyatidagi birinchi holat epidemiyaning asosiy o‘chog‘idan ancha uzoq hududda aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, 23 yoshli erkak 8 sentyabr kuni vafot etgan va unda Bundibugyo turidagi Ebola virusi aniqlangan.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, u joriy yilning 10 iyul kuni Kongoning sharqidagi Janubiy Kivu viloyatidan chiqib ketgan, xorijda bo‘lgan va keyin Kongoga qaytib, Janubiy Ubangiga kelgan. Mazkur viloyat Kongo Respublikasi va Markaziy Afrika Respublikasi bilan chegaradosh hisoblanadi.
Jamoat salomatligi milliy instituti birinchi tasdiqlangan holat bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni kuzatish ishlari olib borilayotganini bildirgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa epidemiya geografik jihatdan kengayib borayotgan bir paytda malakali xodimlar, hamkor tashkilotlar va mablag‘ yetishmasligi Ebolaga qarshi kurash ishlarini sekinlashtirayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq virus bilan kasallanganlar 5021 nafarga yetgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi