Ebola balosi: Kongoda kasallanganlar soni 5 mingdan oshdi

Olam

image

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola epidemiyasi tobora kuchaymoqda. Mamlakatda virus bilan kasallanganlar 5021 nafarga yetdi. Virus oqibatida 2378 kishi vafot etdi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatdagi Ebola epidemiyasi joriy yilning iyul oyi oxirida qayd etilgan holatlar soni bo‘yicha Kongo tarixidagi eng yirik epidemiyaga aylangan. Hozirgi epidemiya dunyo miqyosida ham 2014-2016 yillarda G‘arbiy Afrikada yuz bergan epidemiyadan keyingi eng yirik Ebola epidemiyasi hisoblanmoqda.

Vaziyatni murakkablashtirayotgan omillardan biri esa kasallikning Bundibugio shtammi bilan bog‘liqligi hisoblanadi. Hozircha ushbu virus turiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas.

Epidemiyaga qarshi kurashda esa sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar, aholining qarshiligi, mamlakatdagi beqaror vaziyat va tibbiyot xodimlarining noroziliklari qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bu omillar kasallanganlarni aniqlash va epidemiyaga tezkor javob berish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Ma’lumot uchun, Ebola virusi odamlarga yovvoyi hayvonlardan yuqib, keyinchalik kasallangan shaxslarning qoni va boshqa biologik suyuqliklari orqali tarqaladi. Kasallik isitma, holsizlik, mushak og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i, qusish va diareya kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida tarqalgan Ebola epidemiyasi oqibatida kamida 2 325 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Mamlakat Jamoat salomatligi instituti ma’lumotiga ko‘ra, tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 4 945 nafarga yetgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing