Rasman! Abdulla Qurbonovning litsenziyasi tugatildi
Madaniyat-san’at
−
31 may 2019
22270Avvalroq, QALAMPIR.UZ saytida “Jahongir Otajonov tazyiqqa uchrayaptimi? “O‘zbekkonsert” rasmiy bayonot bilan chiqdi” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda xonandalar Jahongir Otajonov va Abdulla Qurbonov o‘rtasida davom etayotgan mojarolar haqida so‘z yuritilgandi.
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi navbatdagi bayonot bilan chiqdi.
“Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jahongir Otajonovning chiqargan videosiga haqoratomuz tarzda o‘z munosabatini yo‘llagan xonanda Abdulla Qurbonov tomonidan san’atkor odobiga to‘g‘ri kelmaydigan noo‘rin so‘zlar orqali muborak Ro‘zai Ramazon oyida keng ommaning g‘ashiga tegish hollari kuzatildi. Abdulla Qurbonovning ijtimoiy tarmoqlardagi ketma-ket chiqargan bunday nomaqbul audio-videolari o‘z navbatida yoshlar orasida va jamoatchilik o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmadi hamda noroziliklarga sabab bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.
Yuqorida holatlar bo‘yicha xonandaga Muassasa tomonidan bir necha marotaba ushbu noo‘rin munosabatlarni to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirish berilgan. Shunga qaramasdan xonanda tomonidan nojoiz munosabatli fikrlarni keng ommaga tarqatish yana takrorlandi.
Shu bois litsenziat Abdulla Qurbonov bilan tuzilgan litsenziya bitimining 4.2.9-bandida nazarda tutilgan talablar va shartlar muntazam ravishda buzilganligini inobatga olib, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asoslanib, Qurbonov Abdulla Akbarovich nomiga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan AA-seriyali, 5706-son litsenziyaning amal qilishi 2019 yil 31 may kunidan tugatildi.