Ramazonda O‘zbekistondagi 700 mingta oilaga moddiy yordam beriladi (video)
Jamiyat
−
17 fevral 2173 2 daqiqa
O‘zbekistonda Ramazon oyida 700 mingta oilaga moddiy yordam beriladi va 6 ming nafar fuqaroning davolanishi va zarur jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, muborak Ramazon oyi arafasida Prezident tashabbusi bilan bugungi kunda alohida g‘amxo‘rlik va e’tiborga muhtoj oilalarni qo‘llab- quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli dastur yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ushbu xayrli tashabbusning ijrosi ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ta’minlanadi. Mazkur tashabbus doirasida 700 mingta oilaga moddiy yordam beriladi. Shuningdek, 6 ming nafar fuqaroning davolanishi va zarur jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
“Ramazon – mehr-oqibat, saxovat va muruvvat oyidir. Ushbu muborak va ulug‘ ayyomda har bir oila davlatimiz e’tibori va ko‘magini his etishi hamda hech kim o‘z tashvishlari bilan yolg‘iz qolmasligi biz uchun ustuvor vazifadir. Ushbu muborak oy har bir xonadonga tinchlik, xotirjamlik va fayz-baraka olib kelsin”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Ramazon oyida ehtiyojmand aholi uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi