Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan pul berilishi mumkin

Jamiyat

−

image

Joriy yilning noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi mumkin. Bu haqda bugun, 13 oktyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga o‘tish jarayonida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, joriy yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 mln so‘mdan moddiy yordam ajratiladi. Yordam Ijtimoiy reyestrdagi oilalar bilan cheklanmaydi. Reyestrga kirmagan, lekin “mahalla yettiligi” xulosasi asosida jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining (MIX) 2 baravaridan oshmaydigan oilalar ham qamrab olinadi. 

Shuningdek, markazlashgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun bu mezon viloyatlarda MIXning 2 baravari, Toshkent shahrida esa 3 baravari etib belgilanmoqda. Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestridagi fuqarolar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar yashayotgan oilalar ham yordam oladi. Mablag‘ 2026 yil 30 noyabrga qadar ijtimoiy karta yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya olish uchun daromad mezoni MIXning 1,5 baravaridan 2 baravarigacha, ko‘mir uchun yordam va “Sahovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali beriladigan yordam mezoni esa 1 baravaridan 2 baravarigacha oshiriladi. Elektr va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya muddati 2028 yil 1 aprelgacha, ko‘mir uchun yordam muddati 2029 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

Islohotlarning yana bir yo‘nalishi energiya xarajatlarining o‘zini kamaytirishga qaratilgan. “Og‘ir” toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi 3 mingta oila xonadonining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatish ishlarini davom ettirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.

Shuningdek, gazlashtirilmagan va tabiiy gaz yetib borishi qiyin hududlarda isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy me’yori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshiriladi. Qaror 2026 yil 1 noyabrdan kuchga kiradi.

Vazirlar Mahkamasining boshqa bir qaror loyihasiga ko‘ra, 2026 yil 1 noyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari uchun yangi tariflar joriy etilishi kutilmoqda. Isitish xizmatlari tariflarini 2030 yilgacha bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining yana bir qaror loyihasida aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxini 1 kg uchun 5 ming so‘m etib belgilash taklif etilmoqda. Biroq bu ham bozor narxi emas: birja narxi bilan aholiga belgilangan narx o‘rtasidagi farq va yetkazib berish xarajatlari byudjetdan subsidiya sifatida qoplanadi. Ehtiyojmand oilalarga esa 2030 yil 1 yanvarga qadar har bir kilogramm suyultirilgan gaz uchun 3 ming so‘mdan, oyiga 20 kg gacha kompensatsiya to‘lanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing