Rahbarlari “otning kallasidek” oylik olgan O‘zTestning xodimlari maoshi cheklangani aytilmoqda
Jamiyat
−
27 aprel 2023
22010Xabaringiz bor, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (O‘zTest) davlat muassasasi direktori va buxgalteriga yanvar-fevral oylarida juda katta miqdorda oylik maosh yozdirilgani haqida xabar bergan edik. Bir oyga yaqin vaqt o‘tdiki, holatga rasmiy tashkilotlardan tayinli javob berilgani yo‘q. Bu orada muassasa xodimlarining orasida norozilik kayfiyati shakllangan. Tashkilot ichidagi bir nechta xodimlarning QALAMPIR.UZ jurnalistiga ma’lum qilishicha, rahbarlarning mablag‘ o‘zlashtirishlari ortidan ishchilarning oyligida cheklovlar yuzaga kelgan. Shuningdek, xodimlar ushbu jarayonlarning ildizi agentlik rahbariyatiga borib taqalishini aytmoqda.
“O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligi direktori Dilshod Sattorov hamda Markazning muassisi bo‘lgan O‘zbekiston standartlar instituti direktori Aziz Hamdamov O‘zTest davlat muassasasining mavjud mablag‘larini Agentlik hisobiga o‘tkazib yuborgan. Bunga sabab qilib esa Markazning agentlikdan 10 milliard so‘m qarzi borligi ko‘rsatilgan”, deydi xodimlardan biri.
Uning aytishicha, buni tasdiqlovchi hech qanday asosli hujjatlar mavjud emas. Xodimlarning ish haqlari o‘z vaqtida to‘lab berilmayapti. Shu sababli ishchilar bir necha kun avval ish tashlash qilish maqsadida bosh ko‘targan.
“Mas’ullar quruq va’dalar bilan xodimlarni tinchlantirishdi. Afsuski aytilgan gaplar o‘zini oqlamadi. Bugunga kelib deyarli barcha xodimlarda rahbariyatga nisbatan ishonchsizlik yuzaga kelgan”, deydi u.
Xodimlarning ta’kidlashicha, rahbariyat tadbirkorlarning avtomobillari sinovlarini amalga oshirish va sertifikatlashtirish bo‘yicha murojaatlariga xizmat ko‘rsatishda ham tovlamachilik bilan qo‘shimcha pullarni o‘zlashtirib yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi bosh buxgalteri yanvar-fevral oylarida umumiy 469 mln so‘m, tashkilot rahbari esa yilning dastlabki ikki oyida 136 mln so‘m oylik olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu xabarlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda boshqa bir jadval nusxasi, yani tashkilotning yuqori maosh oladigan boshqa yuqori lavozimli xodimlari haqida ma’lumot tarqaldi. Ularning orasida 30 milliondan tortib 468 million so‘mgacha oylik olgan xodimlarning ro‘yxati keltirilgan.
LiveBarchasi