Bosh vazirning rekord darajadagi yangi maoshi qanchaligi ochiqlandi
Olam
−
10:01 8834 2 daqiqa
Singapur Bosh vaziri Lourens Vongning yillik hisoblangan maoshi 2,2 million Singapur dollaridan 3,6 million dollarga oshiriladi. Bu haqda Singapur hukumati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Singapurda vazirlar maoshi masalasida yangilanishlar va qiymat oshishi bo‘lmoqda. Yangi o‘zgarishlar mamlakatda vazirlar uchun dunyodagi eng yuqori hisoblangan maoshlarni yana 60 foizdan ortiqqa oshiradi. Singapur hukumati yuqori maoshlar malakali mutaxassislarni siyosatga jalb qilish va samarali boshqaruvni ta’minlash uchun zarurligini ta’kidlab keladi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh vazirning yangi hisoblangan yillik maoshi 3,6 million Singapur dollari, ya’ni taxminan 2,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bosh vazir o‘rinbosarining maoshi 1,8 milliondan 3 million Singapur dollariga oshiriladi.
Vazirlar esa lavozimi va mas’uliyatiga qarab yiliga 1,8 milliondan 2,8 million Singapur dollarigacha maosh oladi.
Vong o‘z maoshiga qo‘shiladigan qo‘shimcha mablag‘larning barchasini bosh vazirlik muddati davomida “munosib xayriya maqsadlari”ga berishini bildirgan.
Maosh oshirilishidan oldin ham Singapur Bosh vazirining daromadi ko‘plab yirik davlatlar rahbarlarinikidan ancha yuqori edi. Masalan, AQSH Prezidenti yiliga 400 ming dollar, Buyuk Britaniya Bosh vaziri esa taxminan 230 ming dollar maosh oladi.
“Siyosiy maoshlar murakkab va hissiy masala. Bu mablag‘lar aksariyat fuqarolarning daromadidan ancha yuqori, shuning uchun singapurliklar ularni diqqat bilan kuzatishi va masalaga jiddiy munosabat bildirishi tushunarli”, degan Vong.
Uning ta’kidlashicha, masala aslida Singapur kelgusi o‘n yilliklarda mamlakatni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan sifatli siyosiy rahbarlikni saqlab qola oladimi, degan savolga borib taqaladi.
“Biz uchun boshlang‘ich nuqta shu: yaxshi boshqaruv yaxshi rahbarlikka bog‘liq”, degan Bosh vazir.
Ma’lumot uchun, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakati vazirlar maoshini so‘nggi marta 15 yil avval qayta ko‘rib chiqqan. Singapur muntazam ravishda dunyoda korrupsiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi.
Vongning aytishicha, maoshlarni oshirish mustaqil komissiya tavsiyasi asosida amalga oshirilgan. Biroq amaldagi rahbarlar yangi maosh miqdoriga darhol o‘tkazilmaydi. Ularga 15 oktyabrdan boshlab individual holat, jumladan, faoliyat natijalarini hisobga olgan holda, 9 foizgacha bir martalik qo‘shimcha to‘lov beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Singapur hukumati mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichi pasayib borayotgani sababli oilalarni farzandli bo‘lishga rag‘batlantirishga qaratilgan yangi choralarni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, har bir farzand uchun 17 yoshga to‘lguniga qadar qariyb 70 ming Singapur dollari, ya’ni taxminan 55 ming AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatilishi belgilangandi.